Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovga YUNESKO 43-sessiyasi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi uchun rahmat aytdi
Davlat rahbari YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o‘tkazilgani Markaziy Osiyo uchun umumiy yutuq ekanini ta’kidladi va Qirg‘iziston bilan qardoshlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishi munosabati bilan yuborgan tabrigiga javob xati yo‘lladi. Davlat rahbari mazkur yirik tadbirda Qirg‘iziston delegatsiyasining ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Maktubda Prezident Mirziyoyev YUNESKOning Bosh konferensiyasi 40 yildan so‘ng ilk bor Parijdan tashqarida, qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilayotgani mintaqa uchun umumiy yutuq ekani, ushbu jarayon O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etgan iliq fikrlarni yuksak qadrlashini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari konferensiya doirasida ilgari surilgan tashabbuslar va qabul qilinadigan qarorlar ta’lim, fan va madaniyat sohalarida global hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishiga hamda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashiga ishonch bildirdi.
“Ishonchim komilki, o‘rtamizdagi chin qardoshlik munosabatlarining tobora mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlarimiz strategik hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi”, — deyiladi maktubda.







