Shavkat Mirziyoyev AQSH savdo vaziri bilan muzokara o'tkazdi
So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb to‘rt baravar oshib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vaziri Xovard Latnik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb to‘rt baravar oshib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda AQSH kapitali ishtirokidagi 300 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritib, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va innovatsiyalar sohasida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda savdo aloqalarini mustahkamlash, hududlararo sheriklikni kengaytirish va ushbu yo‘nalishlarda samarali muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaratish maqsadida Qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hamkorlik alohida ko‘rib chiqildi. Xususan, AQSHdan soya va paxta xomashyosini yetkazib berish, shuningdek, ilg‘or tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar yakunida qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun maxsus investitsiya platformasini yo‘lga qo‘yish orqali amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olindi.







