Ibrohim kelishuvi nima va unga O‘zbekiston aʼzo bo‘lishi kerakmi?
Hali Yaqin Sharqda Isroil va G‘azo masalasi hal bo‘lmasdan turib Tramp Abraham yoki Ibrohim kelishuviga Markaziy Osiyo mamlakatlari qo‘shilishini aytmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining C5+1 sammitida ishtirok etish uchun AQSHga borgan edi. O‘sha vaqtda Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefonda muloqot qilganidan so‘ng Qozog‘istonning Ibrohim kelishuviga qo‘shilganini maʼlum qildi.
Trampga ko‘ra, bu kelishuv Isroil, Qozog‘iston va boshqa ko‘pchilik musulmon davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish uchun xizmat qiladi.
"Biz yaqin orada uni rasmiylashtirish uchun imzolash marosimini eʼlon qilamiz va bu KUCH klubiga qo‘shilishga intilayotgan yana ko‘plab mamlakatlar bor", — deya yozgan Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Qozog‘iston hukumati bu masala yakuniy bosqichda ekanligi haqida bayonot berdi.
“Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishimiz — Qozog‘istonning tashqi siyosat yo‘nalishining tabiiy va mantiqiy davomi bo‘lib, u muloqot, o‘zaro hurmat va mintaqaviy barqarorlik tamoyillariga asoslanadi”, — deyiladi hukumat bayonotda.
AQSH Davlat Kotibi Marko Rubioga ko‘ra, bu faqat diplomatik munosabatlar iborat oddiy aloqa emas, balki yana-da chuqurroq hamkorlikni anglatadi.
Uchrashuvda Tramp bu yerda ishtirok etayotgan ayrim davlatlar Ibrohim kelishuviga qo‘shilayotganini va bu haqda rasmiy maʼlumotlar tez orada eʼlon qilinishini aytdi.
Xo‘sh, yig‘ilishda Markaziy Osiyo davlatlari yaʼni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ishtirok etgan edi.
Shunda O‘zbekiston ham bu kelishuvga qo‘shiladimi?
“Reuters”ga ko‘ra, Isroil bilan yaqin aloqada bo‘lgan Ozarbayjon va O‘zbekiston kabi Markaziy Osiyo mamlakatlari Ibrohim kelishuviga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlar sifatida tilga olingan. Agar shunday bo‘lsa, bu holat Trampning prezidentlik davridagi eng muhim tashqi siyosiy yutuq sifatida baholanadi.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish uchun Zamon.uz muxbiri O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonov bilan suhbatlashdi.
Uning aytishicha, bu masala yuzasidan hozircha aniq maʼlumotga ega emas.
“Xalqaro munosabatlarda bunday mavzular doimo ehtiyotkorlik bilan, rasmiy manbalar orqali izohlanadi. Shu sababli, bu borada hozircha biror tasdiqlangan maʼlumotni ayta olmayman. Aniqlik kiritilishi bilan xabar beramiz”, — dedi u.
Ibrohim kelishuvi nima?
Ibrohim kelishuvi – bu 2020 yilda AQSH vositachiligida Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, keyinchalik Marokash va Sudan o‘rtasida rasmiy diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi tinchlik kelishuvi.
Kelishuv nomi yahudiylar, musulmonlar va nasroniylar uchun umumiy payg‘ambar bo‘lgan Ibrohim nomidan olingan. Bu nom uch dinni birlashtiruvchi ramziy maʼnoga ega kuch sifatida qaraladi.
Kelishuvning asosiy maqsadlari:
- Isroil va arab davlatlari o‘rtasida diplomatik, iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish.
- Yaqin Sharqdagi keskinlikni kamaytirish va mintaqada tinchlikni mustahkamlash.
- AQSH taʼsirini oshirish hamda Eron taʼsirini kamaytirish.
Kelishuvning vazifalari esa:
- Savdo, investitsiya, turizm va texnologiya sohalarida hamkorlikni kuchaytirish.
- Xavfsizlik va razvedka sohalarida axborot almashish.
- Madaniyat va taʼlim almashuvini rivojlantirish.
- Arab-Isroil mojarosiga tinch yechim topish uchun yangi diplomatik yo‘nalish yaratish.
Bu kelishuvga qo‘shilgan mamlakatlar AQSH bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash. Isroil texnologiyasi va investitsiyalariga ochiq kirish imkoni, harbiy xavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish va global maydonda obro‘ va nufuzi oshishiga ega bo‘ladi.
Xo‘sh, bu kelishuv yaxshi ekan unda muammo nimada? Baʼzi xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, bu kelishuv falastinliklar masalasini chetlab o‘tgan deb hisoblaydi. Yaʼni Isroil bilan yaqinlashuv Falastin davlatining yaratilishi bo‘yicha real harakatlarni amalga oshmasligini taʼminlaydi.







