Qozog‘iston prezidenti davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi
Qozog‘iston rahbari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2025-yil 14–16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.
Tashrif doirasida ikki mamlakat yetakchilari ishtirokida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi hamda oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, tomonlar mintaqaviy va xalqaro siyosatdagi dolzarb masalalar, ko‘p tomonlama formatlardagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashadilar.
Tashrif yakunida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Bu hujjatlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlat tashrifi doirasida Prezident Qasim-Jomart Toqayev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.







