Lazizbek Mullajonov 3 yilga diskvalifikatsiya qilindi
Bokschining 2025-yil 11-iyun kuni musobaqadan tashqari paytda topshirgan namunasida taqiqlangan metasteron metabolit moddasi aniqlangan.

Xalqaro test agentligi (ITA) o‘zbek bokschisi, Olimpiada chempioni Lazizbek Mullajonovni doping-test musbat chiqqani sabab 3 yilga diskvalifikatsiya qildi.
2025-yil 11-iyun kuni o‘tkazilgan rejalashtirilmagan testda sportchidan olingan namunada metasteron metabolitlari aniqlangan. Mullajonov qoidabuzarlikni inkor etmagan va aybni erta tan olgani uchun odatdagi 4 yillik jazosi 1 yilga qisqartirilgan.
Shu tariqa, bokschi 2028-yil 21-iyulgacha musobaqalarda ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, uning 2025-yil 11-iyundan 22-iyulgacha bo‘lgan barcha natijalari bekor qilindi.







