Toshkentda 15–16-noyabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi
Sammitda mintaqa yetakchilari va BMT vakili ishtirok etadi.

15–16-noyabr kunlari Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qiladi.
Sammitda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etadi.
Kun tartibidan mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, Markaziy Osiyo va xalqaro siyosatdagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashish o‘rin olgan.
Uchrashuv yakunida ko‘p tomonlama hujjatlarning muhim to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.
Mazkur formatdagi muntazam uchrashuvlar o‘tkazish tashabbusi ilk bor 2017-yil sentyabr oyida O‘zbekiston yetakchisi tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. O‘zbekistonning raisligi davomida hamkorlikning turli yo‘nalishlariga oid 20 dan ortiq yirik tadbirlar tashkil etildi.








