Siyosat

Tokioda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining muzokaralari boʻlib oʻtdi

Uchrashuvda Samarqandda Yaponiya modeli va standartlariga asoslangan maxsus iqtisodiy zonani barpo etish rejalari eʼlon qilindi.

Tokioda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining muzokaralari boʻlib oʻtdi

 

Davlatlararo hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan Oʻzbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

 

Yaponiya Bosh vaziri davlat rahbarini samimiy qutlar ekan, ushbu tashrifni har doimgidek yuksak ishonch va oʻzaro hurmat tamoyillariga asoslangan Oʻzbekiston – Yaponiya munosabatlari tarixidagi muhim voqea deb atadi.

 

Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon oʻtgan 33 yil davomida Yaponiya Oʻzbekistonning yaqin doʻsti, asosiy texnologik va investitsiyaviy sherigi boʻlib, respublikada zamonaviy sanoat va energetika infratuzilmasini yaratish hamda inson resurslarini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.

 

Tovar ayirboshlash, investitsiyalar hajmi va Yaponiya sarmoyasi ishtirokidagi qoʻshma korxonalar sonining barqaror oʻsayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

Energetika, geologiya, turizm, infratuzilmani rivojlantirish, AT va boshqa ustuvor sohalarda muhim loyihalarni amalga oshirib kelayotgan “Sojitz”, “Toyota Tsusho”, “Sumitomo”, “Itochu”, “Kyoto Plaza”, “Balcom”, “Shikoku Electric” kabi yetakchi yapon kompaniyalari Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

 

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) bilan qoʻshma loyihalar portfeli energetika, neft-kimyo, transport, taʼlim va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarni qamrab olgan.

 

Muzokaralarda parlamentlardagi “doʻstlik guruhlari”, iqtisodiy hamkorlik qoʻmitalari, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha tarmoq uchrashuvlari va boshqa hamkorlik shakllarini faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.

 

Davlat rahbari Yaponiya bilan strategik sheriklikni rivojlantirishning bir qator asosiy yoʻnalishlarini qayd etdi. “Yashil” energetika va sanoatda uglerod chiqarishni kamaytirish, axborot texnologiyalari, oʻta muhim minerallar, mashinasozlik sohasidagi hamkorlik, sogʻliqni saqlash va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish shular jumlasidan.

 

Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida qiymati 12 milliard dollardan ortiq boʻlgan kooperatsiya loyihalarining yangi portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu loyihalarni ilgari surish uchun qoʻshma investitsiya platformasini yaratish taklif qilindi.

 

Bundan tashqari, Samarqand viloyatida Yaponiya modeli va standartlariga asoslangan maxsus iqtisodiy zonani barpo etish rejalari eʼlon qilindi.

 

Yaponiyalik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Bir qishloq – bitta mahsulot” dasturining koʻlamini kengaytirish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

 

Shuningdek, oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish imkoniyatlari va yoʻllari, hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Kelgusi yili Samarqandda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini oʻtkazish taklif qilindi.

 

Gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasi anʼanaviy ravishda ushbu koʻp qirrali munosabatlarning muhim qismi sanaladi.

 

Yoshlarga kelgusida tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni egallashiga keng imkoniyatlar taqdim etayotgan Oʻzbekiston – Yaponiya Inson resurslarini rivojlantirish markazi mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

 

Oʻzbekistondagi 7 ta oliy taʼlim muassasasida yapon tili oʻqitilmoqda. Tokio chet tillar universitetida mana 10 yildirki, oʻzbek tili oʻrganilmoqda.

 

Rektorlar forumi kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilmoqda. Bugun Yaponiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Hamkorlik dasturlari, ilmiy va innovatsion almashinuvlarni kengaytirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.

 

Sukuba universiteti bilan birgalikda Toshkent shahrida birinchi Oʻzbekiston – Yaponiya universitetini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

 

Madaniy va sayyohlik aloqalarini kengaytirish maqsadida madaniyat kunlari, koʻrgazmalar, yoshlar forumlari, kinofestivallarni muntazam oʻtkazib borish taklif qilindi. Tashrif arafasida Yaponiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

 

Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 35 yilligi munosabati bilan 2027-yilda ikki mamlakatda Madaniyat yillari oʻzaro oʻtkaziladi.

 

Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

 

Yakunda Oʻzbekiston Prezidenti va Yaponiya Bosh vaziri Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma bayonotni imzoladilar. Ushbu hujjat, shubhasiz, munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishi va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochishi taʼkidlandi.

 

Tashrif doirasida taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya, suv resurslari, transport, shaharsozlik, turizm, qishloq xoʻjaligi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish sohalarida salmoqli kelishuvlar toʻplami qabul qilindi. Ushbu hujjatlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Shavkat Mirziyoyevga FAOning oliy mukofoti – “Agricola” medali topshirildi

Shavkat Mirziyoyevga FAOning oliy mukofoti – “Agricola” medali topshirildi

Prezident BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori bilan uchrashib, tashkilot bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Latviya O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni to‘xtatmaydi — TIV

Latviya O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni to‘xtatmaydi — TIV

O‘zbekiston TIVi Latviya tomonining o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatish ehtimoli yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.

Xalqaro ishonch: O‘zbekiston BMT kongressiga mezbonlik qiladi

Xalqaro ishonch: O‘zbekiston BMT kongressiga mezbonlik qiladi

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida o‘tkazilgan Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongressida ishtirok etdi.

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida BAA Prezidenti bilan uchrashdi

Saida Mirziyoyeva Abu-Dabida BAA Prezidenti bilan uchrashdi

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va sun’iy intellekt sohasidagi istiqbollarni muhokama qildi.

Qozog‘istondagi harbiylar halokati: Mirziyoyev Toqayevga hamdardlik yo‘lladi

Qozog‘istondagi harbiylar halokati: Mirziyoyev Toqayevga hamdardlik yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Kaspiy dengizidagi mashg‘ulotlarda halok bo‘lgan harbiylarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat tiladi.

C5+1 uchrashuvi Samarqandda: Marko Rubio O‘zbekistonga keladi

C5+1 uchrashuvi Samarqandda: Marko Rubio O‘zbekistonga keladi

AQSH Davlat kotibi 100 dan ortiq Amerika kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaga boshchilik qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Tomonlar o‘rtasida infratuzilma, investitsiya va “yashil” sanoat yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shavkat Mirziyoyev Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Kobaxidzeni tavallud kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston va Gruziya Poti va Anakliya portlari infratuzilmasidan samarali foydalanish orqali transport aloqalarini rivojlantirishni muhokama qildi.

Tokioda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining muzokaralari boʻlib oʻtdi | Zamon.uz