Ta'lim

Markaziy Osiyo yagona bilim va innovatsiyalar makoniga aylantiriladi

Samarqandda Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi bo‘lib o‘tmoqda.

Markaziy Osiyo yagona bilim va innovatsiyalar makoniga aylantiriladi

13-14-aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” o‘tkazilmoqd. Mazkur nufuzli xalqaro anjuman Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Ma’lumki, 2025-yil 3–4-aprel kunlari Samarqand shahrida tarixda ilk bor “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi sammiti” o‘tkazilib, unda Yevropa Ittifoqi rahbariyati va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari tomonidan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan edi. Bugungi kongress ana shu tarixiy sammitda belgilangan vazifalarning amaliy davomi sifatida tashkil etilmoqda.

 

Global o‘zgarishlar shiddat bilan kechayotgan sharoitda ta’lim va ilm-fan sohasi xalqaro integratsiyaning hal qiluvchi drayveriga aylanib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan, mazkur kongress Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi akademik hamkorlikni tizimli va institutsional asosda rivojlantirishga qaratilgan.

 

Anjuman doirasida universitetlar o‘rtasida mustahkam akademik platforma shakllantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, akademik mobillikni faollashtirish hamda ta’lim sifatini oshirish universitetlarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlash va Markaziy Osiyoni yagona bilim va innovatsiyalar makoniga aylantirish masalalari muhokama qilinadi.

 

Kongress dasturiga muvofiq, dastlab vazirlar darajasida uchrashuvlar tashkil etilgan bo‘lib, unda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

 

 

Kongressning rasmiy ochilish marosimida yuqori martabali xalqaro va milliy darajadagi rahbarlar ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Siradjev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri Marsin Kulasek, Tojikiston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Rahim Hamro Sayidzoda, Polsha akademik oliy ta’lim muassasalari rektorlari konferensiyasi (CRASP) prezidenti Bogumila Kanevska hamda IREGAcademic Ranking & Excellence Observatory prezidenti Valdemar Sivinski ishtirok etdi. Ular tomonidan ta’lim va ilm-fan sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirishga doir fikr va takliflar bildirildi.

 

Shundan so‘ng, vazirlar ishtirokidagi panel sessiya tashkil etildi. Unda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, strategik yondashuvlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

 

 

Kunning ikkinchi yarmida esa kongressning asosiy mazmunini tashkil etuvchi parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Ushbu sessiyalar bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan:

 

— ijtimoiy va iqtisodiy fanlar yo‘nalishida jamiyat transformatsiyasi, sun’iy intellekt etikasi va iqtisodiyotda katta ma’lumotlardan foydalanish masalalari;

 

— muhandislik va texnologiyalar yo‘nalishida universitet va sanoat hamkorligi, “yashil” transformatsiya hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish;

 

— tibbiyot fanlari yo‘nalishida raqamli tibbiyot, biomeditsina va personallashtirilgan tibbiyot masalalari muhokama qilinmoqda.

 

Shu bilan birga, kongress doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar, B2B formatdagi muloqotlar va memorandumlarni imzolash marosimlari ham tashkil etilgan bo‘lib, bu hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Muhokamalarda ikki diplomli ta’lim dasturlarini kengaytirish, sun’iy intellekt, biomeditsina va “yashil” texnologiyalar sohalarida qo‘shma tadqiqotlar olib borish, Erasmus+ va Horizon Europe dasturlarida ishtirokni faollashtirish hamda universitet va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Kongressi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Polsha Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida «O‘zaro niyatlar to‘g‘risidagi bayonot» (Letter of Intent) imzolandi.

 

Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan bo‘lib, qo‘shma ilmiy markazlar tashkil etish, universitetlar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, akademik mobillikni kengaytirish hamda Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.

 

Anjuman davomida 50 dan ortiq o‘zaro anglashuv memorandumlari va hamkorlik shartnomalarini imzolanishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu hujjatlar turli sohalarni qamrab olgan holda, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalqaro konferensiyalar tashkil etish hamda akademik almashinuv dasturlarini kengaytirishni nazarda tutadi.

 

 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"