O'zbekiston

O‘zbekistonda olis hududlarda xususiy klinikalar ochish uchun kredit ajratiladi

2026-yil 1-iyuldan tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash tartiblari kuchaytiriladi.

O‘zbekistonda olis hududlarda xususiy klinikalar ochish uchun kredit ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, taqdimotda xususiy sektorning soha rivojidagi o‘rni va bu boradagi mavjud imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

 

Qayd etilishicha, 2016-yilda  mamlakatda 3,2 mingta xususiy klinika faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026-yilda ularning soni 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Xususiy tibbiyot yo‘nalishlari 39 tadan 116 taga, ushbu sektordagi koyka o‘rinlari esa 16 mingdan 57 mingtagacha ko‘paydi. Xususiy sektorning umumiy koyka fondidagi ulushi 12 foizdan 31 foizgacha oshishi prognoz qilinmoqda.

 

Shu bilan birga, tizimdagi ayrim muammolar ham ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, tibbiy xizmatlar sifati ustidan amaldagi nazorat mexanizmlari yetarli darajada samara bermayotgani, litsenziyalash talablari zamon talablariga to‘liq javob bermasligi, xususiy klinikalar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona elektron tizimda shakllanmagani, shuningdek, investitsiya loyihalari bilan manzilli ishlash tizimi yetarli emasligi qayd etildi.

 

Shu bois, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va uning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yangi yondashuvlar taqdim qilindi.

 

Xususan, tibbiy faoliyatni litsenziyalash bilan bog‘liq barcha vazifalar Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga o‘tkazilib, 2026-yil 1-iyuldan litsenziyalash tartiblarini kuchaytirish, bemor xavfsizligi va tibbiy yordam sifatini ta’minlashga doir 48 turdagi litsenziya talablarining 14 tasini qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi. Mazkur jarayonda ko‘p tarmoqli klinikalar faoliyatini to‘liq to‘xtatish amaliyotidan voz kechib, faqat aniq qoidabuzarlik aniqlangan yo‘nalish bo‘yicha cheklov qo‘llash tartibi nazarda tutilmoqda.

 

Shu bilan birga, tibbiyot tashkilotlarining litsenziya talab va shartlariga rioya qilinishi bo‘yicha sifat nazorati kuchaytirilib, elektron axborot tizimida masofaviy baholab borish orqali nazorat qilish yo‘lga qo‘yiladi.

 

Qolaversa, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga litsenziya doirasidagi barcha yo‘nalishlarda byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy muassasalarga transplantatsiya faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini taqdim etish, 2028-yildan boshlab akkreditatsiyadan o‘tmagan nodavlat va respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari bilan Sug‘urta jamg‘armasi tomonidan tibbiy xizmatlarning xaridini amalga oshirmaslik taklif etildi.

 

2030-yil yakuniga qadar barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich, xususan, 2027-yil 1-aprelgacha 55 ta respublika, 2028-yil yakuniga qadar 413 ta hududiy hamda 2030-yil yakunigacha 3 mingdan ortiq tuman (shahar) davlat tibbiyot tashkilotlari faoliyati majburiy litsenziyalanadi.

 

Xususiy tibbiyotni rag‘batlantirish uchun iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham muhokama qilindi.

 

Jumladan, olis hududlarda yangi klinikalar ochish uchun 200 million AQSH dollarlik imtiyozli kredit resursi ajratilishi, har bir loyiha uchun 10-yilgacha muddatga 10 million AQSH dollardan kredit berish, asosiy stavkaning 50 foiz qismi uchun kompensatsiya mexanizmini qo‘llash nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislarga ijtimoiy soliqni 1 foiz etib belgilash, tibbiy uskuna va butlovchi qismlar bo‘yicha bojxona imtiyozlari berish kabi yengilliklar taklif etildi.

 

Taqdimotda sohaga investitsiyalarni jalb qilishning yangi tizimi ham ko‘rib chiqildi.

 

Buning uchun Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligini tashkil etish, investorlarga konsalting va amaliy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini professional asosda shakllantirish va ilgari surish mexanizmini joriy etish nazarda tutilmoqda.

 

Xususan, agentlikka sohaga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, investitsiya va davlat-xususiy sheriklik loyihalariga ko‘maklashish, davlat tibbiyot tashkilotlarini boshqaruvga berish vakolati beriladi hamda agentlik ta’sischiligida investitsiya loyihalarini shakllantirish, kelishish va amalga oshirishda ko‘maklashuvchi aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Health Invest” kompaniyasi tashkil etiladi.

 

Xorijiy ekspertlar bilan birgalikda davlat tibbiyot muassasalarini korporativ boshqaruv tamoyillari asosida transformatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi. Shuningdek, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda tibbiyot tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish va ishga tushirishga oid shaharsozlik hamda sanitariya qoida va me’yorlari qayta ko‘rib chiqilib, xalqaro talablarga moslashtirilishi belgilandi.

 

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

custom img

Ko‘mir qachon va qayerdan sotiladi? “O‘zbekko‘mir” rasmiy ma’lumot berdi

Ayni paytda hududlarga ko‘mirni taqsimlash va birja savdolariga chiqarish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

custom img

Saida Mirziyoyeva ustoz va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

U o‘qituvchilarning yosh avlod tarbiyasidagi sa’y -harakatlarini e’tirof etdi.

custom img

Ishdan bo‘shatilganlar uchun yangi tartib: muddatidan oldin pensiya olish mumkin

Belgilangan yosh va mehnat stajiga ega bo‘lib, ishdan bo‘shatilgan ayrim fuqarolarga uch oy davomida ish topilmasa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi.

custom img

Qabul-2026: imtihondan “yiqilgan” qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratildi

Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan yoshlar uchun 2026/2027-o‘quv yilida oliy ta’limga qo‘shimcha 500 ta maqsadli va 6 500 ta to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari tasdiqlandi.

custom img

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylarini tabrikladi

Tabrikda ta’lim sohasidagi yutuqlar qayd etilib, ilg‘or pedagoglar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilishi ma’lum qilindi.

custom img

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janni Infantinoni qabul qildi

Uchrashuvda U-20 jahon chempionati va futbolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

custom img

Chipta yo‘q, qarshilik bor: Toshkentlik yo‘lovchi 3 sutkaga qamaldi

Fuqaro avtobusdan tushganidan so‘ng yo‘l haqi to‘langanini tasdiqlovchi hujjatni so‘ragan nazoratchi bilan janjallashib, unga kuch ishlatishga uringan.

custom img

25 yilgacha yoki umrbod: bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi

Voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish hamda ayrim uyatsiz-buzuq harakatlar og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"