Si Szinpin uyg’urlar yurtida harbiy baza qurmoqda
Xitoy Markaziy Osiyoga yaqin hisoblangan, uyg‘urlar yashaydigan hududda yangi harbiy baza qurmoqda. Tahlilchilarning fikricha, Xitoy bu bazada yadro dasturini himoya qilish va javob qaytarish tizimidan faol foydalanmoqchi. Mazkur baza 6 yil davomida qurilgan. Shuningdek, Xitoyning Markaziy Osiyodagi bir davlatda ham harbiy baza qurgani aytiladi.

Xitoy Xalq Respublikasi musulmonlar yashaydigan Shinjon provinsiyasidagi cho‘l o‘rtasida yirik harbiy baza qurmoqda. Reuters agentligi yozishicha, Xitoyning ushbu harbiy bazasi AQSh tomonidan ehtimoliy birinchi yadroviy zarba berilgan taqdirda ham Pekinning javob hujumi uyushtirish imkoniyatini saqlab qolishga qaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy tomonidan ishlab chiqarilgan qit’alararo ballistik raketalar AQShning istalgan hududiga yetib bora oladi. Reuters tomonidan o‘rganilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Pekin uzoq masofali yadroviy raketalar joylashtirilgan shaxtalar atrofida uchirish maydonchalari, bunkerlar va aloqa markazlaridan iborat keng ko‘lamli tarmoq qurayotganini ko‘rsatmoqda.
Shinjondagi yangi Xitoy mudofaa tarmog‘i
Xitoy mamlakatning shimoli-g‘arbidagi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida, Hami yadroviy raketa maydoni yaqinida 80 dan ortiq uchirish maydonchasi va uchta sakkizburchak shaklidagi harbiy obyektni barpo etgan.
Tasvirlarda Xitoyning kengayib borayotgan mobil raketa majmualari hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun mo‘ljallangan 80 dan ortiq beton maydonchalar ko‘rinadi. Shuningdek, ayrim obyektlar radioelektron kurash, sun’iy yo‘ldosh aloqasi va qo‘mondonlik operatsiyalarini amalga oshirish uchun xizmat qilishi mumkin.
Reuters bilan ishlagan uch nafar xavfsizlik tahlilchisining fikricha, avval xabar qilinmagan ushbu qurilishlar Xitoyning quruqlikdagi yadroviy kuchlarini himoya qilish va boshqarishga mo‘ljallangan mustahkam infratuzilmaning kengaytirilayotganidan dalolat beradi.
Ularning baholashicha, mazkur tarmoq Pekinning "ikkinchi zarba" salohiyatini ta’minlashga qaratilgan. Bu esa Tayvan atrofidagi keskinlik kuchayib borayotgan bir vaqtda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi yadroviy raqobatning yangi bosqichga kirayotganini ko‘rsatadi.
Minglab kvadrat kilometrni qamrab olgan loyiha
Gavayidagi Pacific Forum tahlil markazi eksperti Aleksandr Neylning aytishicha, yangi infratuzilma raketa shaxtalaridan tashqarida minglab kvadrat kilometr cho‘l hududini qamrab olgan.
"Biz raketa shaxtalari hududidan ancha uzoqqa cho‘zilgan, ulkan miqyosdagi infratuzilma qurilayotganini ko‘ryapmiz. Agar bu obyektlarning imkoniyatlari tasdiqlansa, Xitoyning strategik yadroviy tiyib turish salohiyati sezilarli darajada kuchayadi", — deydi u.
Xitoyning rasmiy siyosati minimal, biroq ishonchli yadroviy tiyib turish tamoyiliga asoslanadi. Bu siyosat mamlakat birinchi bo‘lib yadroviy qurol ishlatmasligini, ammo hujumga uchragan taqdirda javob bera olishini nazarda tutadi.
Xalq Ozodlik Armiyasi yadroviy qurollarni suvosti kemalari va harbiy samolyotlar orqali ham qo‘llash imkoniyatiga ega. Shunga qaramay, Shinjon va Gansu hududlaridagi raketa shaxtalari Xitoy yadroviy kuchlarining asosiy tayanchi hisoblanadi.
Xitoy yadroviy dasturi nega diqqat markazida?
Tahlilchilarning fikricha, Prezident Si Szinpin boshchiligidagi harbiy modernizatsiya dasturining eng ko‘p kuzatilayotgan yo‘nalishlaridan biri aynan yadroviy qurollanishdir.
G‘arb diplomatlari Pekinni yadroviy salohiyati va rejalari borasida yetarlicha ochiq bo‘lmaslikda ayblaydi. AQShning Xitoy bilan ushbu masalada muloqot o‘rnatishga qaratilgan urinishlari esa sezilarli natija bermagan.
Xitoyning asosiy tamoyillaridan biri "birinchi bo‘lib yadroviy qurol ishlatmaslik" siyosati hisoblanadi. Biroq ayrim g‘arb diplomatlari va ekspertlari Pekin Tayvan mojarosi yuzaga kelgan taqdirda tashqi kuchlarning aralashuvini cheklash maqsadida yadroviy bosim vositalaridan foydalanishi mumkinligini aytmoqda.
Joriy yilning may oyida Si Szinpin AQSh prezidenti Donald Trampni Tayvan masalasidagi kelishmovchiliklar noto‘g‘ri boshqarilsa, ikki davlat "xavfli nuqtaga" kelib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Yangi infratuzilmaning markazida Sharqiy Shinjonda so‘nggi olti yil davomida qurilgan ikkita sakkizburchak shaklidagi harbiy majmua joylashgan.
Ulardan biri Hami raketa maydonidan taxminan 140 kilometr, ikkinchisi esa 230 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ushbu obyektlarda harbiy xizmatchilar turar joylari, yirik harbiy texnika uchun maydonlar, zirhli bunkerlar va qurol omborlari mavjudligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, obyektlar aerodromlar va temiryo‘l liniyalari orqali Hami raketa shaxtalari bilan bog‘langan.
May va aprel oylarida shimoliy sakkizburchak obyekt atrofida yirik harbiy texnika ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazilgani ham tasvirlarda qayd etilgan.
Shuningdek, cho‘l ichida niqoblangan uchirish pozitsiyalari, katta chodirlar va havo mudofaasi raketa tizimlari ham ko‘rinadi.
AQSh: Xitoy yadroviy arsenalini tez kengaytirmoqda
AQSh rasmiylari va qurollarni nazorat qilish bo‘yicha ekspertlar Xitoy yadroviy salohiyatini dunyodagi boshqa barcha davlatlarga qaraganda tezroq kengaytirayotganini ta’kidlamoqda.
Pentagonning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Xitoy 2030-yilga borib 1000 ta yadroviy kallakka ega bo‘lishi mumkin.
Hisobotda aytilishicha, mamlakatning uchta asosiy raketa maydonida taxminan 100 ta qit’alararo ballistik raketa joylashtirilgan.
Shuningdek, Xitoy Huoyan-1 sun’iy yo‘ldoshlariga asoslangan erta ogohlantirish tizimini rivojlantirmoqda. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tizim uchirilgan qit’alararo raketani 90 soniya ichida aniqlab, 3-4 daqiqa ichida qo‘mondonlik markaziga xabar bera oladi.
Bu esa Xitoyga raketalari zarba ostida qolishidan oldin javob hujumini amalga oshirish imkonini beradi.
Xitoyning xorijda harbiy baza qurishi haqidagi xabarlar faqat bu emas, 2024-yilda Britaniyaning The Telegraph nashri Xitoy Tojikistonda harbiy baza qurayotgani haqida sun’iy yo‘ldosh orqali suratlari tushirilgan tahlilni e’lon qilgan edi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston tog‘lari orasida 13 ming fut balandlikda joylashgan harbiy obyekt kuzatuv minoralari va ikki mamlakat harbiylari uchun doimiy ravishda mashg‘ulot o‘tab turishlari uchun yirik harbiy maydon mavjud. Telegraph bu joyda har ikki davlatning harbiy askarlari joylashganini aytgan.
The Jamestown Foundation’ning yozishicha, Tojikiston hududida Xitoy harbiy bazasi qurilishi faktini rasman inkor etishda davom etmoqda, biroq Xitoy haqiqatdan ham bu mamlakatdagi harbiy ishtirokini sezilarli darajada oshirmoqda.
Xitoy Tojikistonda allaqachon harbiy obyektlarga ega. Taxminan o‘n yil oldin bu mamlakatda G‘arb koalitsiyasining Afg‘onistondagi harakatlarini kuzatuvchi Xitoy kuzatuvchi radiostansiyasi paydo bo‘lgan edi. Bundan tashqari, Xitoyning Tojikistonning notinch hududi hisoblangan Tog‘li Badaxshon viloyatida yana bir inshooti bor edi. Rasmiy ravishda ikkala obyekt ham Tojikiston hukumati nazorati ostida, lekin aslida ular Xitoyga tegishli ekanligi aytiladi.
2016-yilda Xitoy va Tojikiston o‘rtasida xavfsizlik shartnomasini imzolagan. Afg‘onistonda Tolibon hokimiyat tepasiga kelgach, Tojikistonga tahdid kuchaygan bo‘lishi mumkinligiga ham urg‘u beriladi. Tahlilchilarning fikricha, Afg‘onistonda “Tolibon” hukumatga kelgach Tojikiston Xitoydan harbiy yordam so‘ragan.








