Jahon

AQSH Rossiya va Ukrainani yarashtirishga yana urindi

Bloomberg agentligining AQSH va Yevropadagi Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib xabar berishicha, Rossiya bilan muzokaralarni qayta boshlashga qaratilgan so‘nggi diplomatik urinishlar hozircha natija bermagan. Bu esa Rossiya-Ukraina urushi yaqin vaqt ichida tugashi bo‘yicha aniq belgilar yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

AQSH Rossiya va Ukrainani yarashtirishga yana urindi

Rossiyaga tashrif



AQSH prezidentining maxsus vakillari — uning kuyovi Jared Kushner va biznesdagi hamkori Stiv Uitkoff 5-sentyabr kuni Rossiya-Ukraina urushiga barham berish hamda Rossiyaning Eronga ko‘rsatayotgan harbiy yordamini to‘xtatish masalalarini muhokama qilish uchun Moskvaga borgan.



Ular Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan. Uch soat davom etgan muzokaralarda turli masalalar muhokama qilingan, biroq Rossiya tomonining muzokaralardagi pozitsiyasi sezilarli darajada o‘zgarmagan.



Yevropalik ayrim amaldorlar Rossiya qish mavsumi yaqinlashishi bilan Ukrainaga qarshi zarbalarni kuchaytirishi mumkinligini bildirgan. Ularning aytishicha, energetika va issiqlik taʼminoti infratuzilmasi ehtimoliy nishonlar qatorida qolishi mumkin.



Bloomberg manbalaridan birining taʼkidlashicha, Rossiya kelgusi olti oy davomida Ukraina energetika tizimiga bosimni kuchaytirishi hamda Yevropa davlatlaridagi gibrid faoliyatini oshirishi mumkin. Biroq bu maʼlumotlar agentlik bilan suhbatlashgan manbalarning baholariga asoslangan.



Manbalarga ko‘ra, Putin kelasi bahorga qadar Rossiya muzokaralarda nisbatan kuchliroq pozitsiyaga ega bo‘lishini kutmoqda. Shu bilan birga, Rossiya iqtisodiyotida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar ham Kreml uchun muhim omil bo‘lib qolmoqda.



Kiyevdagi muzokaralar



AQSH vakillari 6-sentyabr kuni Kiyevga kelib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan. Bu ularning Ukrainaga ilk rasmiy tashrifi bo‘lgan.



Amerika delegatsiyasi Kiyevdagi uchrashuvni “ruhlantiruvchi” deb baholagan. Biroq urushni tugatish bo‘yicha keskin burilish yoki aniq kelishuvga erishilmagan.



Diplomatik harakatlar kuchayganiga qaramay, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Ayniqsa, hududiy yon berishlar masalasida tomonlarning qarashlari bir-biridan farq qiladi. Kushner bu masala murakkab ekanini tan olgan va AQSH ehtimoliy kelishuvga erishish uchun «parda ortida» ish olib borayotganini aytgan.



Zelenskiy AQSH vakillari bilan bir necha bosqichda muzokara o‘tkazgan. So‘nggi uchrashuvda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari ham ishtirok etgan.



Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy harbiy yordam masalasi, jumladan, Patriot raketalari va boshqa qurol-yarog‘lar muhokama qilinganini aytgan. Ukraina prezidenti urush qish mavsumigacha cho‘zilishi mumkinligini bildirib, mamlakat yaqin oylarda ushbu qurollarga ehtiyoj sezishini taʼkidlagan. Zelenskiy AQSH va Yevropa hamkorlaridan «yirik hajmda» yordam kutayotganini bildirgan.



Ukraina Oliy Radasi deputati Anna Skoroxodning aytishicha, Stiv Uitkoff va Jared Kushner Ukrainaga avval taklif qilingan variantlarga nisbatan bajarilishi qiyinroq bo‘lgan tinchlik kelishuvi shartlarini taklif qilgan.



«Biz shuni tushunishimiz kerakki, aslida masala hatto Donbass va hududlarda ham emas. Biz buni juda yaxshi tushunamiz. Ular yana-da yomonroq shartlarni olib kelishdi. Agar avval Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish va hududlarni tan olish talab qilinmagan bo‘lsa, hozir buni talab qilishmoqda. U yerda yana bir qator nozik jihatlar bor, ammo bu maʼlumot norasmiy manbalardan olingani uchun ularni oshkor qilishni istamayman», — degan Ukraina xalq deputati.



Yevropaning harbiy yordami



Urushning davom etishi Ukraina uchun harbiy yordamga, xususan, havo mudofaasi tizimlariga bo‘lgan ehtiyojni saqlab qolishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Yevropa davlatlari Ukrainaga qo‘shimcha havo mudofaasi vositalarini yetkazib berish uchun mavjud resurslarni safarbar qilishi kerak bo‘ladi.



Buyuk Britaniya seshanba kuni Ukrainaga 100 million funt sterling miqdorida qo‘shimcha yordam paketi ajratishini maʼlum qildi.



Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius esa mamlakat o‘z zaxiralaridan Ukrainaga Patriot havo mudofaasi tizimlari uchun raketalarni tezkor ravishda yetkazib berishini bildirdi.

 

«Ukrainani qishga tayyorlash eng yuqori ustuvor vazifa va bu bizdan qatʼiy hamda zudlik bilan harakat qilishni talab qiladi», — dedi Pistorius.



Hozircha Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha diplomatik saʼy-harakatlar davom etmoqda. Biroq agentlik bilan suhbatlashgan manbalar yaqin oylar ichida tomonlarning pozitsiyalari sezilarli darajada yaqinlashishiga oid aniq belgilar mavjud emasligini taʼkidlagan.



Shunday muzokaralar davom etayotgan bir paytda Rossiya 9-sentyabr kuni tunda Kiyevning bir qator hududlariga “Geran-4/5” dronlari orqali zarba bergani xabar qilindi.



Tungi zarbalarning asosiy nishonlari Kiyev va uning atrofi, shuningdek, Nikolayev, Sumi, Dnepropetrovsk va Poltava viloyatlaridagi obyektlar bo‘lgani xabar qilinmoqda.



Hozircha Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Tomonlar o‘rtasida kelishmovchiliklar saqlanib qolayotgani sababli urushning qachon tugashi nomaʼlum.

custom img

Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida Brent nefti narxi 100 dollarga yaqinlashdi

Neft narxining oshishiga AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi sabab bo‘lmoqda.

custom img

Tramp uch nafar yaqin yordamchisiga 45 ming dollardan Rojdestvo sovg‘asi bergan

Huquqshunos bunday to‘lovlar federal qonunchilikka zid bo‘lishi mumkinligini aytdi.

custom img

Fransiyadagi muzeydan 9 million yevrolik kartinalar o‘g‘irlandi

Ikki asar topilgan, yana ikkitasi qidirilmoqda.

custom img

Xitoy va Rossiya Shimoliy Koreya bilan strategik aloqalarni kuchaytirishini bildirdi

Si Szinpin va Vladimir Putin Kim Chen Inga KXDR tashkil topganining 78 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrik maktublarida Pxenyan bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyorligini taʼkidlagan.

custom img

Serbiya O‘zbekiston bilan ballistik raketalar ishlab chiqarishda hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi

Aleksandr Vuchich Serbiya uzoq masofaga uchuvchi ballistik raketalar ishlab chiqarishni bir yil ichida boshlashi mumkinligini ma’lum qildi.

custom img

Janubiy Koreyada 19 nafar O‘zbekiston fuqarosi qidiruvga berildi

Mamlakatda xorijda jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 110 nafar chet el fuqarosi yashirinib yurgani aniqlangan.

custom img

AQSh Ukraina uchun “qishki paket” tayyorlamoqchi — Zelenskiy

Ukraina prezidentining ta'kidlashicha, AQSh Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni qish oldidan yoki qish davomida yumshatish choralarini muhokama qilmoqda.

custom img

Makron Yevropa Ittifoqida 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni taklif qildi

Uning fikricha, bu chora Yevropa Ittifoqidagi barcha bolalarni onlayn xavflardan himoya qilishga xizmat qiladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"