Sport

Eron terma jamoasi sardori: “Siyosat sabab JCH kayfiyati buzildi”

Eron bosh murabbiyi Amir G‘alenoiy tayyorgarlik jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, jamoa turnirda munosib ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

Eron terma jamoasi sardori: “Siyosat sabab JCH kayfiyati buzildi”

 

Eron terma jamoasi sardori Mehdi Taremi Jahon chempionatida ishtirok etish kayfiyati mamlakat atrofidagi murakkab siyosiy vaziyat sabab to‘liq his qilinmayotganini aytdi.

 

Eronning turnirdagi ishtiroki AQSh va Isroilning fevral oyida amalga oshirgan havo hujumlaridan keyin shubha ostida qolgandi. Hatto AQSh prezidenti Donald Tramp Eron terma jamoasining turnirga tashrif buyurishi “hayoti va xavfsizligi” uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini bildirgan edi.

 

Viza bilan bog‘liq muammolarni kamaytirish maqsadida eronliklar mashg‘ulot bazasini AQShdan Meksikaning Tixuana shahriga ko‘chirishga majbur bo‘lgan. Shunga qaramay, jamoaning 11 nafar rasmiysiga AQSh vizasi berilmagan va ular terma jamoa o‘yinlarida qatnasha olmagan.

 

Yakshanba kuni Los-Anjelesga yetib kelgan Taremi avvalgi Jahon chempionatlari bilan taqqoslaganda bu safargi tajriba mutlaqo boshqacha bo‘lganini ta’kidlagan.

 

Bu faqat Eronga taalluqli muammo emas. Boshqalar, jumladan hakamlar ham bundan zarar ko‘rdi”, degan futbolchi. U AQSh tomonidan somalilik hakam Omar Artanga viza berilmaganini misol sifatida keltirgan. “Albatta, Jahon chempionatiga kelgan ilk kunimizdan boshlab taranglikni sezdik. Avvalgi turnirlardagi kabi tinchlik va quvonch muhitini bu safar his qilmayapmiz.
Ammo bu muammolar faqat bizga tegishli emas. Bir nechta mamlakatlar viza masalalari va mashg‘ulot bazalarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Taranglik turnir boshlanishidan oldin ham mavjud edi”, degan Taremi.

 

Uning fikricha, bunday vaziyat FIFA targ‘ib qilayotgan qadriyatlarga ham zid. “Bunday taranglik futbol olib kelishi kerak bo‘lgan kayfiyatni kamaytiradi va FIFA ilgari surayotgan tinchlik g‘oyasiga putur yetkazadi. Menimcha, bu Jahon chempionati bundan ham yaxshi muhitda o‘tishi mumkin edi. Kelajakda esa qaysi jamoani qo‘llab-quvvatlashidan qat’i nazar, barcha muxlislar uchun sharoit yaxshiroq bo‘lishiga umid qilaman”.

 

Los-Anjelesda eronlik muhojirlar soni ko‘p bo‘lsa-da, terma jamoa hukumatning davomchisi sifatida qabul qilinayotgani sabab ayrim noroziliklarga ham duch kelmoqda. Jamoa shaharga yetib kelganida mehmonxona oldida namoyishchilar to‘plangan. Bunga javoban Taremi esa futbolchilar siyosatdan uzoq ekanini ta’kidlagan. “Biz xorijdagi yoki mamlakat ichidagi barcha eronliklar uchun o‘ynaymiz. Har bir mamlakatda turli qarashdagi odamlar bo‘ladi. Biz futbolchilar sifatida odamlarni birlashtirish uchun shu yerdamiz. Har kim o‘z fikriga ega bo‘lish huquqiga ega va biz buni hurmat qilamiz. Bizning vazifamiz eronliklarga quvonch ulashish. Siyosat bilan shug‘ullanmaymiz, bu yerga futbol o‘ynash uchun kelganmiz”, degan u.

 

Eron bosh murabbiyi Amir G‘alenoiy ham turnirga tayyorgarlik jarayoni ideal bo‘lmaganini tan olgan. “Futbolda hammasi reja va strategiyaga bog‘liq. Musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun puxta tayyorgarlik zarur. Ha, mashg‘ulot bazamiz ikki marta o‘zgardi. Avval AQShdagi bazamizdan voz kechdik, keyin esa Meksikaga ko‘chdik. Bu, albatta, ta’sir ko‘rsatadi.
Meksika xalqiga minnatdorlik bildiraman. Ammo eronliklar qiyinchiliklardan imkoniyat yaratishga odatlangan. Men faqat xalqimizga quvonch ulashish haqida o‘ylayman, qolgani esa Xudoning qo‘lida. Ishonamanki, futbolchilarimiz bor kuchini ishga soladi”, degan murabbiy.

 

Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni “G” guruhidan joy olgan Eron terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini o‘tkazadi. Unda Amir G‘aleoniy shogirdlari Yangi Zelandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

 

Abdujalilov Doniyor tayyorladi

custom img

Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi

Futbolchi otasi Xorxe Messining vafotidan so‘ng terma jamoadagi faoliyatini yakunlash qarori qat’iylashganini bildirdi.

custom img

US Open: Kamilla Rahimova dunyoning 29-raketkasini mag‘lub etdi

Teng kurashlar ostida o‘tgan birinchi set 7:6 hisobida Rahimovaning g‘alabasi bilan yakunlandi.

custom img

O‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilar ilk bor jahon chempioni bo‘ldi

Kumush medal Germaniya, bronza medal AQSH terma jamoasi vakillariga nasib etdi.

custom img

Behruz Karimov faoliyatini Shveysariyaning “Lugano” klubida davom ettiradi

18 yoshli futbolchi viza rasmiylashtirilgach, yangi jamoasi safiga qo‘shiladi.

custom img

UEFA Janni Infantinoni FIFA prezidenti lavozimidan chetlatmoqchi

UEFA FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionati tijorat huquqlarini xususiy investorlarga topshirish rejasi bekor qilinganidan so‘ng tashkilot rahbariyatiga nisbatan ishonchsizlik bildirdi.

custom img

“Bunyodkor” moliyaviy muammolar sabab Superliga doirasidagi safar o‘yiniga bormaydi

Jamoada xarajatlarni qoplash uchun mablag‘ mavjud emas.

custom img

UEFA FIFA tijoriy rejasidan voz kechmasa, JCHni boykot qiladi

UEFA va unga a’zo 55 ta milliy futbol assotsiatsiyasi FIFA Jahon chempionati bo‘yicha yangi tijoriy rejasini bekor qilmasa, tashkilot musobaqalarida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

custom img

FIFA sobiq Prezidenti Jahon chempionatiga investor jalb etish rejasini tanqid qildi

U mundial tijorat aktivi emas, balki jahon futbolining madaniy merosi ekanini ta’kidladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"