"Bizga hech kim hech narsani tekinga bermaydi" — Messi
Argentina sardori jamoa FIFA yoki hakamlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani haqidagi iddaolarni rad etib, jamoa barcha natijalarga faqat mehnat va kurash orqali erishayotganini aytdi.

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Jahon chempionatida jamoasiga yon bosilayotgani haqidagi tanqidlarga munosabat bildirib, Argentina erishayotgan muvaffaqiyatlar hech kimning yordami bilan emas, futbolchilarning mehnati evaziga qo‘lga kiritilayotganini ta'kidlagan.
Messi Angliya ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda jamoa yana bir bor o‘z kuchini isbotlaganini aytgan.
"Erishgan yutuqlarimiz aql bovar qilmaydi. Yana bir Jahon chempionati finaliga chiqdik. Bu kimlargadir yoqmasligi mumkin, ular istaganini gapirishsin. Ammo bu jamoa hech kim bizga hech narsani tekinga bermayotganini yana bir bor isbotladi", degan Messi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Argentina terma jamoasi har bir uchrashuvda g‘alaba uchun kurashadi va natijalarni maydonda hal qiladi.
"Biz kurashamiz, raqobat qilamiz va yaxshi futbol namoyish etamiz. Bugun hisobda ortda bo‘lsak ham, Angliyaga qarshi o‘yinni qanday nazorat qilganimizni ko‘rdingiz. Men bu jamoa bilan faxrlanaman va barcha argentinaliklarga quvonch ulashayotganimizdan xursandman", degan sardor.
Messining bayonoti Jahon chempionati davomida Argentina foydasiga hakamlik qarorlari chiqarilayotgani haqidagi bahslar ortidan yangradi. Ayniqsa, Misr va Shveysariyaga qarshi uchrashuvlardan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Argentina "VARgentina" deya masxara qilina boshlagan, ayrim muxlislar va sobiq futbolchilar FIFA jamoaga yon bosayotganini da'vo qilgan edi. Biroq FIFA Hakamlar qo‘mitasi rahbari Pierluiji Kollina bu ayblovlarni rad etib, turnirdagi barcha hakamlar mustaqil ishlayotganini va ularning halolligiga shubha qilish uchun asos yo‘qligini bildirgan.
Messi Angliyaga qarshi yarim finalda gol urmagan bo‘lsa-da, ikkala golga ham assistentlik qildi. Uning uzatmalaridan so‘ng avval Enso Fernandes, so‘ng esa qo‘shimcha daqiqalarda Lautaro Martines gol urib, Argentina 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada amaldagi jahon chempioni ketma-ket ikkinchi, umumiy hisobda esa beshinchi yirik xalqaro finalga yo‘l oldi.
39 yoshli Messi ushbu mundialda 8 ta gol urib, turnirning eng yaxshi to‘purarlaridan biri bo‘lib turibdi. U, shuningdek, Jahon chempionatlari tarixidagi eng sermahsul futbolchiga aylandi va oltinchi mundialidagi faoliyatini yana bir final bilan bezash imkoniyatiga ega bo‘ldi.








