Jahon

Tramp shahzodaga nimani va'da qilgan?

Dunyoda yangi yadro poygasi boshlanayotgan ko‘rinadi. CNN qo‘liga tushgan maxfiy hujjatlar va Oq uydagi insaydlar global xavfsizlikni ostin-ustun qilib yuboradigan kelishuv fosh bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Donald Tramp ma’muriyati Saudiya Arabistoniga uranni mamlakat ichida boyitishga dastlabki rozilikni bergan. Eng dahshatlisi — bu kelishuv xalqaro xavfsizlik nazoratlarisiz amalga oshirilishi mumkin! Muzokaralar allaqachon yakunlangan, biroq hujjat haligacha Oq uy stolida imzo kutib yotibdi. Nega? Keling, parda ortidagi o‘yinlarni tahlil qilamiz.

Tramp shahzodaga nimani va'da qilgan?

CNN telekanalida ko‘rib chiqilgan hujjatlar va masaladan xabardor manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Saudiya Arabistoniga yadroviy qurol ishlab chiqilishining oldini olishga qaratilgan xalqaro xavfsizlik choralarini joriy etmasdan, uranni boyitishga ruxsat berishga dastlabki tarzda rozi bo‘lgan.

 

 

 

 

Ar-Riyodning fuqarolik yadro dasturini AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini belgilab beruvchi yadroviy kelishuv loyihasi, AQSh va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi muzokaralar 2025-yilning oktabr oyida yakuniga yetganiga qaramay, haligacha Prezident Donald Trampning imzosini kutmoqda.

 

Masaladan xabardor bo‘lgan ikki manbaning ko‘rsatishicha, Eron bilan davom etayotgan urush Trampning imzo chekishi kechikishida muayyan rol o‘ynagan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu urush qisman Tehronning o‘z boyitilgan uranidan yadro quroli yaratishda foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun boshlangan edi. Kapitoliydagi (Kongress) ba’zi qonunchilarning fikricha, Tramp ma’muriyati imzo chekishni paysalga solmoqda, chunki bu bitimlar kuchga kirishini to‘sib qo‘yuvchi ikki partiyaviy e’tiroz rezolyutsiyasiga duch kelishi mumkin, degan manbalardan biri.

 

Ekspertlarning CNN’ga ma’lum qilishicha, agar qat’iy xavfsizlik choralari o‘rnatilmasa, ushbu kelishuv Saudiya Arabistoniga yadro qurolini yaratish yo‘lini ochib berishi mumkin. Mamlakat valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon avvalroq, agar uning davlatining mintaqadagi asosiy raqibi bo‘lgan Eron yadro bombasiga ega bo‘lsa, u ham o‘z yadro qurolini yaratishini aytib tahdid qilgan edi.

 

To‘rtta manbaning bildirishicha, yadroviy sohada fuqarolik hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuv va majburiy yadroviy xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi bitimni o‘z ichiga olgan ushbu hujjatlar hali ko‘rib chiqish uchun Kongressga yuborilmagan. Vaholanki, federal qonunchilik Oq uydan hujjatlar imzolanishi bilanoq shunday qilishni talab etadi.

 

Oq uy ushbu kelishuvlar bo‘yicha berilgan savollarga javob bermadi va buning o‘rniga CNN’ni Energetika vaziri Kris Raytning 2025-yil oktabr oyida muzokaralar yakunlanganini e’lon qilgan bayonotiga yo‘naltirdi.

 

O‘shanda Rayt: “Biz fuqarolik yadroviy hamkorligi bo‘yicha kelishuvga erishdik”, degan edi.

 

“Ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvlari bilan birgalikda biz hamkorligimizni kengaytirishni, Amerika yadro texnologiyalarini Saudiya Arabistoniga olib kirishni va yadro qurolini tarqatmaslik majburiyatiga qat’iy sodiq qolishni istaymiz”, degan Kris Rayt.

 

Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchixonasi izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.

 

Masaladan xabardor manbaga ko‘ra, Tramp ma’muriyati joriy yilning boshida Kapitoliydagi ba’zi vakillarni Saudiya yadroviy kelishuvlarining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirgan va o‘shanda ham bu kelishuv mamlakat ichida uranni ma’lum darajada boyitish va/yoki plutoniyni qayta ishlashga imkon beradigan maxsus tartibga ega bo‘lishi aytilgan edi. Manbaning ta’kidlashicha, bunday kelishuv uchun bu avval ko‘rilmagan holat hisoblanadi.

 

CNN’ga ikki manbaning ma’lum qilishicha, uranni boyitish bo‘yicha qoida AQSH tomonidan qo‘yilgan shartlarni o‘z ichiga oladi, biroq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan cheklovlarning tafsilotlari noaniqligicha qolmoqda.

 

AQSH ma’muriyati tomonidan o‘tgan yili Kongressga taqdim etilgan ruxsatnoma hisoboti va Davlat departamentining may oyida qonunchilarga yo‘llagan hamda CNN tomonidan ko‘rib chiqilgan xatiga ko‘ra, loyiha kelishuvi Saudiya Arabistonidan Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEHA) bilan “Qo‘shimcha protokol” deb nomlanuvchi standartlashtirilgan kuchaytirilgan yadro xavfsizligi choralari to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishni talab qilmaydi. Buning o‘rniga xavfsizlik choralari bo‘yicha bitim faqatgina AQSh va qirollik o‘rtasida bo‘ladi.

 

Ma’muriyat Kongressga yo‘llagan 2025-yilgi ruxsatnoma hisobotida ta’kidlashicha, AQSh-Saudiya ikki tomonlama xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi kelishuv loyihasi “eng nozik sohalar... boyitish, konversiyalash, yoqilg‘i ishlab chiqarish va qayta ishlashda qo‘shimcha xavfsizlik va tekshirish choralarini qo‘llaydi”. Muayyan tafsilotlarni keltirmasdan, hisobotda Saudiya yadro dasturini himoya qilishda rol o‘ynashi aytilgan va MAGATE o‘z ishi uchun zarur vositalarga ega bo‘ladi”, deb ta’kidlangan, biroq agentlik Qo‘shimcha protokol orqali amalga oshiriladigan standartlashtirilgan nazorat huquqiga ega bo‘lmaydi.

 

Yadroviy tartibga solish bo‘yicha konsultant va Alabama universiteti huquq professori Den Joyner esa “Qo‘shimcha protokolning yo‘qligini mustaqil ravishda xavotir uchun sabab deb ko‘rmasligini” aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh-Saudiya ikki tomonlama kelishuvi “Saudiya Arabistonining mavjud AEHA xavfsizlik choralarini to‘ldirishning oqilona usuli hisoblanadi, garchi uning yetarliligi yakunda hali e’lon qilinmagan shartlariga bog‘liq bo‘lsa-da”.

 

Biroq Strikerning ta’kidlashicha, hatto bunday ob’ekt Amerika nazorati ostida tashkil etilgan taqdirda ham, Saudiya Arabistoni tuprog‘ida uranni boyitish yoki qayta ishlashga ruxsat berishning mutlaqo xavfsiz yo‘li yo‘q.

 

“Siz saudiyaliklar ushbu ob’ektni milliylashtirishga ya’ni davlat mulkiga aylantirishga urinmasligiga amin bo‘la olmaysiz”, dedi u. “O‘sha paytda hokimiyatda bo‘lgan AQSh prezidenti yadroviy portlash yoki shunga o‘xshash xavfning oldini olish uchun ushbu ob’ektni bombalash kerakmi yoki yo‘qmi degan tanlov qarshisida qoladi”.

 

Strikerning fikricha, uran boyitish sentrifugalarida ishlaydigan Saudiya texniklari va olimlari o‘z bilimlarini boshqa maxfiy ob’ektlarda ham qo‘llashlari mumkin. Pokistonning yadro quroli dasturi ham xuddi shunday tarzda boshlangan edi — olim Abdul Qodir Xon o‘zini ishga yollagan Yevropa kompaniyasining sentrifuga chizmalariga tayanib, Pokiston dasturini boshlab bergan deb ishoniladi. Xon o‘z bilimlarini Eron, Liviya va Shimoliy Koreya bilan ham baham ko‘rgan deb hisoblanadi. Pokiston hukumati esa Xon texnologiyani sotishda mustaqil harakat qilganini da’vo etadi.

 

Hujjatlar tayyor bo‘lsa-da, AQSh prezidentining haligacha qo‘liga ruchka olmaganiga ikkita jiddiy  sabab bor:

 

Birinchidan, Eron bilan urush alangasi: Trampning o‘zi ta’kidlaganidek, Tehronning uranni boyitib, yadro bombasi yaratishining oldini olish uchun urush boshlangan bir paytda, Saudiya Arabistoniga xuddi shu huquqni berish olovga moy sepish bilan barobar.

 

Ikkinchidan, Kongress qarshiligi: Kapitoliydagi qonunchilar Trampni ataylab vaqt cho‘zayotganlikda ayblashmoqda. Sababi — shartnoma imzolanishi bilanoq, AQSh Kongressi har ikki partiyaning ovozi bilan bitimni butkul bloklab qo‘yadigan rezolyutsiyani ishga tushirishga tayyor turibdi!

 

Qonun bo‘yicha Oq uy imzolangan har qanday fuqarolik yadroviy bitimini (123-modda kelishuvi) zudlik bilan Kongressga topshirishi shart. Ammo hozircha bu bajarilmagan.

 

Insayderlarning aytishicha, AQSh rasmiylari Kongress a’zolarini yopiq eshiklar ortida brifing qilganda, hamma hayratda qolgan. Chunki Saudiyaga o‘z hududida uranni boyitish va plutoniyni qayta ishlash huquqini beruvchi “maxsus kelishuv” tayyorlangan. Bu xalqaro amaliyotda mutlaqo kutilmagan va pretsedentsiz holat!

 

Uranni boyitish va plutoniyni qayta ishlash — bu atom bombasi o‘zagini yaratishning yagona yo‘lidir. Dunyodagi AESga ega o‘nlab davlatlar uranni o‘zida boyitmaydi, uni AQSh yoki Rossiyadan muhrlangan idishlarda sotib oladi. Saudiya esa uni o‘zida ishlab chiqarmoqchi! Va bunga valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning avvalgi tahdidi sabab bo‘lmoqda.

 

Eng katta xavotir shundaki, yangi hujjat Saudiya Arabistonidan BMTning yadroviy kuzatuvchisi — AEHA (IAEA) bilan kuchaytirilgan “Qo‘shimcha protokol” shartnomasini imzolashni talab qilmaydi! Nazorat faqat AQSh va Saudiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqa bilan cheklanadi.

 

Bu holat 2009-yildagi AQSh-BAA shartnomasiga mutlaqo teskari. Birlashgan Arab Amirliklari o‘z vaqtida yadroviy boyitishdan butunlay voz kechib, MAGATE nazoratiga rozi bo‘lgan va bu dunyoda “Oltin standart” deb nom olgandi. Vashington endi bu standartni o‘z qo‘li bilan buzmoqchi.

 

AQSh ma’muriyati o‘z hisobotida "MAGATE jarayonda baribir ishtirok etadi va kerakli vositalarga ega bo‘ladi" deb ishontirishga urinyapti, biroq ekspertlar bunga ishonmayapti.

 

Trampning stolidagi qog‘oz shunchaki kelishuv emas, balki Yaqin Sharqdagi yangi kuchlar muvozanatining detonatoridir. Ushbu hujjat imzolansa, dunyo mutlaqo boshqa yadroviy reallikka uyg‘onadi!

 

custom img

“Tehron muzokaralarga jiddiy yondashmayapti” – Rubio

Hormuz bo‘g‘ozidagi keskin sabab energetika bozorida xavotirlar kuchaygan.

custom img

Ozarbayjonda o‘zbek shoiri Shuhrat Orifning kitobi taqdimot qilindi

TURKSOY festivali doirasida o‘zbek shoirining “Maktubdir umrim” kitobi kitobxonlarga taqdim etildi.

custom img

Tramp Saudiya Arabistoni bilan yadro energetikasi bo‘yicha 30 yillik kelishuvni ma'qulladi

Shuningdek, ikki davlat qo‘shma tadqiqot o‘tkazganidan so‘ng qirollik hududida uranni boyitish inshooti qurilishi ham mumkin.

custom img

Maduro va uning rafiqasi ustidan sud 2027-yilda boshlanishi mumkin

Nikolas Maduro va uning rafiqasi AQShda giyohvand moddalar savdosiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

custom img

Mamdani Netanyaxuni hibsga olish vakolati yo‘qligini tan oldi

Avvalroq Netanyaxuning BMT Bosh Assambleyasiga tashrifi vaqtida uni hibsga olish ehtimoli muhokama qilingandi.

custom img

AQSHning Eron bilan urush xarajatlari 37,5 milliard dollarga yetdi

Mojaro davomida AQSHning 18 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, 430 nafarga yaqini yaralangan.

custom img

Tramp Janni Infantinoni BMT Bosh kotibi lavozimiga tavsiya qilmoqchi

AQSh prezidenti FIFA rahbarini dunyo miqyosida hurmatga sazovor va xalqlarni birlashtira oladigan yetakchi sifatida baholamoqda.

custom img

Rossiyada migrantlarni deportatsiya qilish asoslari kengaytirildi

Deportatsiya qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan moddalari soni 22 tadan 45 taga yetkazildi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"