Shavkat Mirziyoyev Singapurning Katta vazirini qabul qildi
Tomonlar ikki tomonlama aloqalarni, investitsiyaviy hamkorlikni hamda Singapur tajribasini O‘zbekistonda joriy etishni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Singapur Respublikasining Katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot avvalida Li Syan Lun Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnam va Bosh vaziri Lourens Vongning samimiy salomi hamda ezgu tilaklarini yetkazdi.
Tomonlar siyosiy muloqot va ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni ham jadal o‘smoqda. Singapurning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan.
Singapur ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyatini yanada kengaytirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va raqamlashtirishni qamrab oluvchi strategik va innovatsion sheriklik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dastur ishlab chiqishga kelishib olindi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi maxsus iqtisodiy zonalarni takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapur tajribasidan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
Singapur oliy ta’lim muassasalarining O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi bildirildi.
Uchrashuvda yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish maqsadida siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilgani olqishlandi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.








