Investorlar va yirik klasterlarga 40 ga yaqin startap loyihasi taqdim qilindi
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Demo Day” tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan startap loyihalarini yirik ishlab chiqarish klasterlariga taqdim etishga qaratilgan “Demo Day” tadbiri tashkil etildi.

Unda O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish, yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish hamda istiqbolli innovatsion loyihalarni yirik biznes bilan bog‘lash masalalariga e’tibor qaratildi.

Tadbirda 40 ga yaqin startap loyiha mualliflari o‘z innovatsion ishlanmalari va biznes g‘oyalarini investorlar hamda yirik ishlab chiqarish klasterlari vakillariga taqdim etdi. “Demo Day”da jami 60 nafarga yaqin ishtirokchi, jumladan, investorlar, venchur jamg‘armalari vakillari, yirik ishlab chiqarish klasterlari rahbarlari va tadbirkorlar qatnashdi.

Taqdimotlar davomida startapchilar o‘z loyihalarining texnologik yechimlari, bozor imkoniyatlari va rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot berdi. Investorlar va klaster vakillari esa o‘zlarini qiziqtirgan loyihalar bilan yaqindan tanishib, ularni moliyalashtirish, ishlab chiqarishga joriy etish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi.

“Demo Day” startap loyihalarini investorlar va yirik ishlab chiqarish klasterlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lash, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda yangi biznes loyihalarini rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ldi.








