5 yoshli qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi — Shahnoza Mirziyoyeva
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari oilaga zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatilayotganini bildirdi.

Namanganda besh yoshli qizaloq bilan bog‘liq fojia yuz berganidan buyon Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyatni nazorat qilib kelmoqda. Bu haqda Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, voqeaning ilk kunlaridan boshlab mutaxassislar va psixologlar qizaloq hamda uning onasi bilan ishlamoqda. Oilaga zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
«Oila boshqa shaharga ko‘chib o‘tadi, uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan ta’minlanadi», — deya qayd etdi Shahnoza Mirziyoyeva.
Shuningdek, oilaga to‘liq ijtimoiy yordam beriladi.
Jumladan, qizaloqning onasiga o‘qish va ishga joylashishda ko‘maklashish, zarur bo‘lsa, familiyasini o‘zgartirishga yordam berish rejalashtirilgan.
Shahnoza Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, asosiy maqsad qizaloq va uning yaqinlari xavfsiz sharoitda yangi hayot boshlashi uchun zarur imkoniyatlarni yaratishdan iborat.
Masala Prezident Administratsiyasi tomonidan alohida nazoratga olingan. Barcha mas’ul idoralar voqeaning ilk kunlaridanoq ishga jalb qilingan.
«Mazkur jinoyat aslo jazosiz qolmaydi!» — deya ta’kidlagan Shahnoza Mirziyoyeva.








