Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda cheklov: senator so‘rovi yuborildi
Hududlar bo‘yicha imtihon o‘rinlarini taqsimlash mezonlari va talab yuqori bo‘lgan joylarda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalasiga izoh berish so‘ralgan.

Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda ayrim hududlar uchun ajratilgan o‘rinlar tez to‘lib qolayotgani yuzasidan senator Bilim va malakalarni baholash agentligiga so‘rov yubordi. Unda o‘rinlarni taqsimlash mezonlari, talabgorlar uchun teng imkoniyatlar yaratish va imtihonlar qamrovini kengaytirish masalalariga aniqlik kiritish so‘ralgan.
Oliy Majlis Senati a’zosi K. Tursunov Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori M. Karimovga senator so‘rovi bilan murojaat qildi.
So‘rovga ijtimoiy tarmoqlarda milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish ayrim hududlarda juda qisqa vaqt ichida yopilib qolayotgani yuzasidan bildirilgan e’tirozlar sabab bo‘lgan.
Senator hududlar va fanlar kesimida imtihon o‘rinlari qanday mezonlar asosida taqsimlanishi hamda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida bo‘sh o‘rinlar haqidagi ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash uchun qanday texnik va tashkiliy choralar ko‘rilayotgani haqida tushuntirish so‘ragan.
Shuningdek, o‘rinlarni belgilashda potensial talabgorlar sonini hisobga olish, bir hududdagi o‘rinlar to‘lib, boshqa hududlarda bo‘sh joylar qolganida ularni talab yuqori bo‘lgan hududlarga qayta taqsimlash imkoniyati yuzasidan ham savollar qo‘yilgan.
Bundan tashqari, qo‘shimcha o‘rinlar ajratish, qo‘shimcha imtihonlar tashkil etish va imtihonlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida asoslantirilgan javob berish so‘ralgan.
Qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra, senator so‘roviga o‘n kun ichida javob berilishi lozim.








