Noqonuniy suyultirilgan gaz savdosi: 3 mingdan ortiq gaz balloni olib qo‘yildi
120 dan ortiq holatning 39 tasiga gaz ta’minoti idoralari xodimlarining aloqadorligi qayd etildi.

O‘zbekistonda 19–21-oktyabr kunlari o‘tkazilgan reydlarda suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va qimmat narxda sotish bilan bog‘liq 120 dan ortiq holat aniqlandi. Shundan 39 tasida gaz ta’minoti idoralari xodimlarining aloqadorligi qayd etildi.
Noqonuniy muomaladagi 3 mingdan ortiq gaz balloni va ulardagi 13 636 kilogramm suyultirilgan gaz ashyoviy dalil sifatida olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va «O‘zenergoinspeksiya» xodimlari hamkorligida respublika bo‘ylab reyd tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlar davomida ayrim gaz ta’minoti xodimlari aholi uchun ajratilgan gaz ballonlarini noqonuniy ravishda saqlash va qimmatroq narxda sotish bilan shug‘ullangani aniqlandi.
Jumladan, Jizzax viloyatida 9 ta holatda jami 239 ta gaz balloni sotish maqsadida noqonuniy saqlangani fosh etildi. Zomin tumangaz ta’minot bo‘limida ilgari yuqori lavozimlardan birida ishlagan shaxs qarindoshiga tegishli xonadonda 152 ta gaz ballonini yashirincha saqlab kelgani aniqlandi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida esa gaz ta’minoti bo‘limi mansabdorlaridan birining uyidan tegishli hujjatlarsiz saqlangan 30 ta gaz balloni topildi.
Samarqand viloyatida Urgut tumangaz to‘ldirish shoxobchasi qorovuli gaz bilan to‘ldirilgan 3 ta ballonini 2,5 million so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Pastdarg‘om tumanida yashovchi 1972-yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadonidan esa 22 ta gaz balloni topildi. Ma’lum qilinishicha, u ballonlarni tumangaz bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olib, aholiga 100 ming so‘mdan sotgan.
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida gaz ta’minoti bo‘limi muhandisi va chilangari aholi uchun mo‘ljallangan 8 ta gaz ballonini o‘z uylarida noqonuniy sotish maqsadida saqlab kelgani aniqlandi.
Surxondaryo viloyatining Bandixon tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro tumangaz bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olgan 32 ta gaz ballonini iste’molchilarga qimmatroq narxda sotmoqchi bo‘lgan. Viloyat bo‘yicha noqonuniy saqlangan jami 65 ta gaz balloni tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida gaz ta’minoti bo‘limi haydovchisining uyidan 26 ta gaz balloni olib qo‘yildi. Shunga o‘xshash qonunbuzilish holatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Namangan viloyatlarida ham aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga oid qonunbuzilishlarni aniqlash bo‘yicha reydlar boshqa mas’ul idoralar bilan hamkorlikda davom ettiriladi. Qoidabuzarlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi.
Fuqarolar aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gaz bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga duch kelsa, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamli Call-markaziga murojaat qilishi mumkin. Xabar bergan shaxsning ma’lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.








