Shavkat Mirziyoyev “ROX Group” kompaniyasi asoschisini qabul qildi
Uchrashuvda amaldagi va yangi loyihalarni “yo‘l xaritasi” asosida jadallashtirishga kelishildi.

Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni Vetnamning “ROX Group” kompaniyasi asoschisi An Tuan Channi qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va kompaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda mamlakatimizda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
1996 yilda tashkil etilgan “ROX Group” Vetnamning yirik ko‘p tarmoqli investitsiya guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya ko‘chmas mulk, energetika, bank, mehmonxona biznesi va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritadi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda zamonaviy shahar va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energetika, geologiya, moliya hamda turizm yo‘nalishlari hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida belgilandi.
Uchrashuv yakunida “ROX Group” ishtirokidagi amaldagi va yangi investitsiya loyihalarini “yo‘l xaritasi” asosida jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.








