O‘zbekiston–Koreya hamkorligining yangi bosqichi: Shavkat Mirziyoyevning maqolasi Koreya nashrida chop etildi
Shavkat Mirziyoyev Koreya nashrida e’lon qilingan maqolasida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi texnologik bosqichga olib chiqish muhimligini ta’kidladi.

Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — “The Chosun Daily”da Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” nomli maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, strategik sheriklik, savdo-investitsiya aloqalari hamda hamkorlikni yangi texnologik bosqichga olib chiqish istiqbollari haqida so‘z yuritilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 5 barobarga oshgan. Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 8 milliard dollardan oshgan, ayni paytda mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida 700 dan ziyod qo‘shma korxona va loyiha amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 milliard dollardan ortiq ekani ta’kidlangan.
Prezident ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro to‘ldiruvchanligi yangi o‘sish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyat berishini qayd etib, hamkorlikni umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirish darajasiga olib chiqish muhimligini ta’kidladi.
Maqolada sun’iy intellekt, yarim o‘tkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmatsevtika, aqlli qishloq xo‘jaligi va “aqlli shaharlar” istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi. Ta’lim, inson kapitali, akademik almashinuv va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Davlat rahbari, shuningdek, “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” formatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada tizimli va uzoq muddatli mintaqaviy hamkorlik mexanizmiga aylantirish bo‘yicha O‘zbekistonning tashabbuslarini ilgari surishini bildirdi.
Prezident maqolada O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni, balki Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, innovatsiya va umumiy taraqqiyotni ta’minlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, “The Chosun Daily” 1920-yilda tashkil etilgan “Chosun Ilbo” media guruhi tarkibiga kiradi. Nashr siyosat, iqtisodiyot, jamiyat va xalqaro munosabatlarga oid dolzarb mavzularni yoritadi.








