Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
O‘zbekiston Prezidentining Koreyaga davlat tashrifi vatanparvarlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatishdan boshlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan vatanparvarlar xotirasiga hurmat bajo keltirishdan boshlandi.
Davlat rahbari rafiqasi bilan birga Seul shahridagi Milliy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Prezident Xotira ustuni poyiga gulchambar qo‘yib, yodgorlik oldida hurmat bajo keltirdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.








