Transportdan sunʼiy intellektgacha: O‘zbekiston va Koreya hamkorlikni kengaytirmoqda
Seuldagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi.

Seul shahrida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Li Chje Myon ishtirokida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolangan hujjatlar to‘plami ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, gumanitar va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni yana-da kengaytirishga qaratilgan.
Kelishuvlar transport va aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sunʼiy intellekt, texnik ko‘mak, oliy, umumiy va maktabgacha taʼlim kabi sohalarni qamrab olgan.
Shuningdek, tibbiy mahsulotlarni tartibga solish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, intellektual mulkni himoya qilish hamda arxiv ishi bo‘yicha ham hamkorlikni rivojlantirishga oid hujjatlar imzolandi.
Mazkur kelishuvlar O‘zbekiston–Koreya alohida strategik sherikligini amaliy mazmun bilan boyitish va yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.








