O‘zbekiston – Koreya biznes forumi: yangi investitsiyaviy loyihalar ishga tushirilmoqda
Toshkentda Kimyo texnologiyalari markazi ishga tushirildi, Jizzax, Farg‘ona va Namanganda yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etildi.

Seul shahrida o‘tkazilgan biznes forum doirasida Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Son Suk ishtirokida ikki mamlakat kompaniyalari hamda moliya institutlari bilan hamkorlikdagi loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hamkorlik doirasida O‘zbekistonda bir qator yangi ishlab chiqarish quvvatlari va zamonaviy infratuzilma obyektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Xususan, Toshkent shahrida Kimyo texnologiyalari markazi faoliyat boshladi. Jizzax viloyatida “Kia Sonet Prime” avtomobillari va avtomobil kuzovi panellarini, Farg‘ona viloyatida elektrotexnika mahsulotlarini, Namangan viloyatida esa polimer buyumlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida Milliy onkologiya markazi, tibbiyot oliy ta’lim muassasasi, robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar qurilishi boshlandi.








