Shavkat Mirziyoyev “Hyundai”, “Kia” va “Hyundai Rotem” rahbarlari bilan uchrashdi
“Kia” O‘zbekistonda yangi rusumdagi, elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Hyundai Rotem” O‘zbekistonga qo‘shimcha yuqori tezlikdagi poyezdlar yetkazib berish imkoniyatlarini o'rganmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining Seul shahriga tashrifi doirasida “Hyundai Motor Group” strategiya bo‘yicha prezidenti Kim Son, “Kia Motors” katta vitse-prezidenti Cho San Un hamda “Hyundai Rotem” direktorlar kengashi raisi Li Yon Be bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda Koreyaning ushbu kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda avtomobilsozlik va transport sohalarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.
Jizzax viloyatida tashkil etilgan avtomobil klasterida ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, shuningdek, avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
“Kia” avtomobillarini ishlab chiqarishning to‘liq zanjiri shakllantirilayotgani va mahsulot eksporti ortib borayotgani qayd etildi. Muzokaralarda yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, presslash sexini ishga tushirish, shuningdek, elektr va gibrid avtomobillar yig‘ishni tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Transport sohasida esa “Hyundai Rotem” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori tezlikdagi poyezdlarning Toshkent – Xiva yo‘nalishida qatnovi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Mazkur poyezdlar yo‘lda harakatlanish vaqtini ikki barobarga qisqartirgani qayd etilib, qo‘shimcha poyezdlarni yetkazib berish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda “Hyundai Rotem” servis markazini tashkil etish, poyezd va boshqa transport vositalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda elektr dvigatellari uchun magnitlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olindi.
Ushbu loyihalar O‘zbekiston avtomobilsozligi va transport infratuzilmasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.








