“Shinhan Bank” O‘zbekistonda sho‘ba bank tashkil etishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev “Shinhan Financial Group” raisi Chjin Ok Don bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Prezidenti Seul shahriga tashrifi doirasida “Shinhan Financial Group” kompaniyasi raisi Chjin Ok Donni qabul qildi.
Uchrashuvda moliyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda infratuzilmani takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energetika va sanoat sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston tijorat banklariga kredit liniyalarini ajratish toʻgʻrisida kelishuv imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatimizda “Shinhan Bank”ning shuʼba bankini tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar yangi moliyalashtirish vositalarini joriy etish, “yashil” kreditlarni jalb qilish hamda raqamli bank xizmatlarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.








