Janubiy Koreya Markaziy Osiyo prezidentlariga turli sovg‘alar taqdim etdi: ular orasida nimalar bor?
Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon Seulda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularga mamlakatlarning qiziqishlari va madaniy xususiyatlarini inobatga olgan holda turli sovg‘alar taqdim etdi. Tojikiston prezidentiga berilgan sovg‘aning mazmuni esa oshkor qilinmadi.

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon 14–16-sentyabr kunlari Seulda Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularga turli sovg‘alar taqdim etdi. Sovg‘alar davlat rahbarlarining qiziqishlari hamda mamlakatlarning madaniy xususiyatlari hisobga olingan holda tanlangan.
O‘zbekiston prezidentiga — qizil jenshen
Li Je Myon 14-sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Muloqot yakunida Koreya prezidenti davlat rahbariga mustahkam salomatlik va farovonlik tilab, Janubiy Koreyaning premium salomatlik mahsulotlaridan biri bo‘lgan qizil jenshen sovg‘a qildi.
Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyevaning kolleksion va antikvar keramikaga bo‘lgan qiziqishi inobatga olinib, unga anʼanaviy koreys estetikasi aks ettirilgan, kumush bilan bezatilgan oq chinni choy servisi va unga mos patnis taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni aks ettiruvchi qator tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Seuldagi Lotte World Tower binosida O‘zbekiston va Janubiy Koreya bayroqlari namoyish etildi.
Turkmaniston prezidentiga — tarixiy sanʼat asari
15-sentyabr kuni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuvda unga Koguryo davridagi Muyunchxon maqbarasida tasvirlangan mashhur ov sahnasi aks etgan sanʼat asari sovg‘a qilindi.
Mazkur sovg‘a anʼanaviy chilbo usulida bezatilgan ramkaga joylashtirilgan. Sovg‘ani tanlashda Turkmaniston prezidentining ot sportiga qiziqishi ham hisobga olingan.
Qozog‘iston prezidentiga — stol tennisi raketkasi va taekvondo formasi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga uning stol tennisiga qiziqishi va Qozog‘istonning kelasi yili taekvondo bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi inobatga olinib, premium stol tennisi raketkalari va taekvondo formasi taqdim etildi.
Raketkalar maxsus koreys hanji qog‘ozidan tayyorlangan g‘ilofga joylashtirilgan bo‘lib, ularga To‘qayevning ismi va ikki davlat bayroqlari tushirilgan. Taekvondo formasida ham ikki davlat bayroqlari hamda Qozog‘iston ramzlaridan biri bo‘lgan qor qoploni tasvirlangan.
Qirg‘iziston prezidentiga — golf patteri va jenshen
16-sentyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda unga ismi o‘yib yozilgan Gold Five premium brendining golf patteri sovg‘a qilindi.
Sovg‘a tanlashda Qirg‘izistonda 2026 yil iyul oyida ilk xalqaro standartdagi golf maydoni ochilgani hisobga olingan.
Bundan tashqari, Sadir Japarovga ham mustahkam salomatlik tilab, qizil jenshen taqdim etildi.
Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarovaga esa anʼanaviy koreys torli cholg‘u asbobi shaklidagi dekorativ buyum sovg‘a qilindi.
Tojikiston prezidentiga — sovg‘a mazmuni oshkor qilinmagan
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon uchun ham Li Je Myon maxsus sovg‘a tayyorlagan. Biroq Tojikiston tomonining iltimosiga ko‘ra, sovg‘a qutisida nima borligi jamoatchilikka maʼlum qilinmagan.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Janubiy Koreya prezidentiga javoban qanday sovg‘alar taqdim etgani haqida hozircha rasmiy maʼlumot berilmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari 16–17-sentyabr kunlari Seulda bo‘lib o‘tadigan birinchi Janubiy Koreya–Markaziy Osiyo sammitida ishtirok etmoqda.








