135 ta tegish va 95 foiz aniqlik: Abduqodir Xusanovning “Norvich”ga qarshi o‘yini qanday o‘tdi?
Sofascore o‘zbekistonlik futbolchi o‘yinini 7,6 ballga baholadi.

Angliya Liga Kubogi 1/16 finalida amaldagi chempion “Manchester Siti” safarda ilk uchrashuvini “Norvich Siti” ga qarshi o'tkazib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvda “Manchester Siti”ning yosh futbolchilari ham o‘zini ko‘rsatdi. Jamoa safida asosiy tarkibdagi ilk uchrashuvini o‘tkazgan Floyd Samba ikki bor gol urgan bo‘lsa, Rayan Sherki, Allan va Rayan MakAydu bittadan gol muallifiga aylandi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Xusanov esa bahsni to‘liq 90 daqiqa o‘tkazdi va markaziy himoyada harakat qildi.
Xusanov uchrashuv davomida 135 marta to‘pga tekkan. U amalga oshirgan 118 ta uzatmaning 112 tasi aniq chiqqan. Bu esa 95 foizlik aniqlikni anglatadi.
O‘zbekistonlik futbolchining o‘z yarim maydonidagi uzatmalari esa 100 foiz aniqlik bilan amalga oshirilgan — 74 ta uzatmaning barchasi jamoadoshiga yetib borgan. Raqib yarim maydonida esa Xusanov 44 ta uzatmaning 38 tasini aniq amalga oshirgan.
Shuningdek, himoyachi uchrashuv davomida raqib hujumlarini qaytarishda faol ishtirok etgan.
Sofascore Abduqodir Xusanovning o‘yinini 7,6 ballga baholadi.
Shu tariqa, “Manchester Siti” Liga Kubogidagi ishtirokini yirik g‘alaba bilan boshladi. Jamoa keyingi bosqichda “Brayton”ni qabul qiladi.








