Rossiyadagi saylovlar: Shavkat Mirziyoyev Putinga tabrik maktubi yo‘lladi
O‘zbekiston Prezidenti Rossiyadagi saylovlar mamlakat jamiyatining siyosiy madaniyati va fuqarolik hamjihatligini namoyon etganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasiga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Davlat rahbari saylovlar Rossiya jamiyatining yuksak siyosiy madaniyati va fuqarolik hamjihatligini yana bir bor namoyon etganini ta’kidladi.
Saylovchilarning yuqori darajadagi ishtiroki va ovoz berish natijalari Rossiya fuqarolarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan strategik yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat berishi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Parlamentlararo hamkorlik esa ikki tomonlama loyiha va dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Maktubda O‘zbekiston–Rossiya hamkorligini yanada rivojlantirish, uni yangi tashabbuslar bilan boyitish hamda mamlakatlar va xalqlar farovonligiga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga ishonch bildirildi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga mustahkam sog‘lik va davlat faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.








