BMT bilan 166 ta qo‘shma loyiha: Saida Mirziyoyeva BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi
Uchrashuvda sog‘liqni saqlash, ta’lim, kambag‘allikni qisqartirish va ekologik barqarorlik kabi yo‘nalishlardagi hamkorlikka e’tibor qaratildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva xalqaro munosabatlar tizimida murakkab jarayonlar kechayotgan hozirgi davrda global miqyosda yetakchilik salohiyatini namoyon etayotgani hamda xavfsizlikning asosiy yo‘nalishlarida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Antoniu Guterrishga minnatdorlik bildirdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston va BMT institutlari o‘rtasidagi hamkorlik amaliy loyihalar orqali izchil rivojlanmoqda. Hozirda tashkilot tuzilmalari ishtirokida mamlakatimizda umumiy qiymati 293 million dollarlik 166 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihalar sog‘liqni saqlash, sifatli ta’limni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Saida Mirziyoyevaning Antoniu Guterrish bilan uchrashuvi O‘zbekistonning BMT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy global muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqishda faol ishtirok etishga intilayotganini namoyon etdi.








