“Bizga qarorlarni amalga oshirishga qodir BMT kerak” — Saida Mirziyoyeva
Prezident Administratsiyasi rahbari BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi nutqida O‘zbekiston kelgusi yili Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qilishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston kelgusi yili Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qiladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi nutqida ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkdagi BMT Bosh qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan yuqori darajadagi tadbirda so‘zga chiqib, bugungi murakkab xalqaro vaziyat sharoitida kuchli va har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMTga ehtiyoj borligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, BMT nafaqat qarorlar qabul qiladigan, balki ularni amalga oshirishga qodir tashkilot bo‘lishi kerak.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston BMT Bosh kotibining tashkilotni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan BMT-80 tashabbusi doirasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, u BMT Xavfsizlik Kengashini zamonaviy realliklarga moslashtirish va uning tarkibini kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
“Kelgusi yilda biz Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qilamiz. Bu mas’uliyatni biz qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda muloqot uchun yangi maydon yaratish imkoniyati deb bilamiz”, dedi Saida Mirziyoyeva.








