Tanlagan yo‘limiz aniq — ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muloqot”: Saida Mirziyoyeva BMTda nutq so‘zladi
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMTda Afg‘oniston, Orolbo‘yi, ekologiya, bolalar huquqlari, sun’iy intellekt va ayollar huquqlarigacha bo‘lgan qator dolzarb masalalarga to‘xtaldi.

BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida O‘zbekistonning global va mintaqaviy masalalarga doir pozitsiyasi bildirildi. Sessiya doirasida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi.
U o‘z nutqida bugungi dunyoda ziddiyatlar kuchayib, o‘zaro ishonch susayib borayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning tanlagan yo‘li ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muloqotga asoslanishini ta’kidladi.
“Tanlagan yo‘limiz aniq — ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muloqot. Biz tinchlik, hamkorlik hamda inson qadr-qimmatini e’zozlash tarafdorimiz”, dedi Saida Mirziyoyeva.
Nutq davomida Markaziy Osiyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar, O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li va aholining turmush darajasini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, BMTning bugungi dunyodagi o‘rni, Afg‘oniston masalasi, bolalar huquqlari va demografik barqarorlik, Orol fojiasi va ekologik muammolar, sun’iy intellekt taraqqiyoti, qonun ustuvorligi va ayollar huquqlari kabi masalalar yuzasidan fikr bildirildi.
Saida Mirziyoyeva, shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda inson qadrini ulug‘lash masalalariga e’tibor qaratdi.
“Bugun hech bir davlat global muammolarni yolg‘iz o‘zi hal eta olmaydi. O‘zbekiston ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan kelajakni barpo etish yo‘lida munosib hissasini qo‘shishga doimo tayyor”, dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.








