Saida Mirziyoyeva “BlackRock” rahbariyati bilan uchrashdi
Uchrashuvda 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.

Saida Mirziyoyeva Nyu-York shahrida “BlackRock” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda kompaniya prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, “Global Infrastructure Partners” raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami ishtirok etdi.
Uchrashuvda 2027-yilda Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Qayd etilganidek, “BlackRock” Markaz konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishda ko‘maklashmoqda.
Shuningdek, AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma davra suhbati o‘tkazilib, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston yirik, samarali va sifatli sarmoyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanib borayotganini ta’kidladi.








