O‘zbekiston turizmi 2030-yilgacha: 20 million sayyoh va 8 milliard dollar eksport maqsad qilindi
Xivada xalqaro turistik shaharcha, Samarqandda Ipak yo‘li muzeyi barpo etiladi, Ichan-qalʼa esa “aqlli” muzey majmuasiga aylantiriladi.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Hududlarda yangi turistik majmualar barpo etish, sohani raqamlashtirish, yagona milliy turistik platformani ishga tushirish hamda turistik takliflarni kengaytirish asosiy vazifalardan bo‘ladi.
Yangi rejalar 27-sentabr — Butunjahon turizm kuni munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan tadbirda maʼlum qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari — Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasi vakillariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Hududlarda yangi turistik jozibadorlik nuqtalarini yaratish rejalashtirilmoqda. Jumladan, Xivada xalqaro turistik shaharcha, kongress-markaz va tarixiy-etnografik park barpo etiladi. Ichan-qalʼani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey majmuasiga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Samarqandda noyob eksponatlar jamlanmasiga ega Ipak yo‘li muzeyi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “Gilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida esa “Arashan” majmualarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Sohani raqamlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Yagona milliy turistik platformani ishga tushirish, turistik xizmatlarni yagona tizimga integratsiya qilish va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiy, tog‘ va sarguzasht turizmi, ishbilarmonlik, etnoturizm hamda qishloq turizmi kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Belgilangan maqsadlarga ko‘ra, 2030-yilga qadar O‘zbekistonga yiliga 20 million nafar xorijiy sayyoh jalb etish, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish va turistik xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, yuqori darajadagi mehmonxonalar sonini ikki baravar oshirish maqsad qilingan.
Butunjahon turizm kuni munosabati bilan soha xodimlarini rag‘batlantirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Prezident tabrigida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini taʼsis etish taklif qilindi. Tadbirda soha mutaxassislari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda tadbirkorlarga “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Shuningdek, mamlakatning turistik mahsulotlarini ko‘paytirishga qaratilgan tashabbuslar taqdim etildi. Suvenir mahsulotlari bo‘yicha Uzbek Gift Contest tanloviga 600 dan ortiq ish kelib tushgan bo‘lib, saralash natijasida anʼanaviy va amaliy sanʼatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 10 nafar eng yaxshi hunarmand aniqlandi.
Gastronomik turizm yo‘nalishida Gastro Marketplace va Tourist Friendly Restaurant loyihalari ham taqdim etildi. Unga qo‘shilgan restoran va kafelarga sayyohlar ehtiyojlariga mos xizmat ko‘rsatish va maxsus maqomga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi. Jumladan, taomlar tarkibidagi allergenlar haqida maʼlumot berish, milliy taomlarning kam kaloriyali va vegan variantlarini taklif etish nazarda tutilgan.








