Ronaldu va Jorje Jezus yarashishi mumkin: futbolchining javobi kutilmoqda
Avvalroq Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini muddatidan oldin tark etgandi.

Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezus Krishtianu Ronaldu bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikni bartaraf etish uchun uchrashishga rozi bo‘ldi. Portugaliya futbol federatsiyasi tomonidan taklif qilingan uchrashuvga murabbiy rozilik bildirgan, endi federatsiya Ronalduning javobini kutmoqda. Bu haqda A Bola xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvni neytral hududda o‘tkazish rejalashtirilgan. Federatsiya Ronalduning Portugaliya terma jamoasidagi faoliyati keskin tarzda yakunlanishining oldini olish va tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni yumshatishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda futbolchining vakillari bilan ham muzokaralar davom ettirilmoqda.
Avvalroq 41 yoshli Ronaldu Portugaliya terma jamoasi yig‘inini muddatidan oldin tark etgandi. Futbolchi Daniyaga qarshi uchrashuv oldidan ketgan va shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda jamoa yig‘inini tark etishga qaror qilganini ma’lum qilgan. Portugaliya futbol federatsiyasi ham uning yig‘inni tark etganini rasman tasdiqlagan.
Ronaldu bilan bog‘liq vaziyat bundan avval ham federatsiya rahbari Pedro Proensaning aralashuviga sabab bo‘lgan. U Jezus va Ronaldu bilan alohida suhbatlashib, kelishmovchilikni yumshatishga uringan.
Endi tomonlar o‘rtasidagi keyingi qadam Ronalduning javobiga bog‘liq. Agar u ham uchrashuvga rozi bo‘lsa, Portugaliya terma jamoasi atrofidagi so‘nggi kunlarda yuzaga kelgan ziddiyatni muzokara orqali hal qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.








