Toshkentda ota 190 mln alimentni oldindan to‘ladi
Shu tariqa uch nafar farzandning taʼminoti kafolatlandi.

Majburiy ijro byurosining Sergeli tuman bo‘limi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida uch nafar voyaga yetmagan farzand taʼminoti uchun aliment qarzdorligi to‘liq undirilib, qo‘shimcha ravishda 190 million so‘m aliment puli oldindan undiruvchiga to‘lab berildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining 2021 yil 28 avgustdagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor A.D.dan undiruvchi A.G. foydasiga voyaga yetmagan uch nafar farzandi taʼminoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/2 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushganidan so‘ng aliment to‘lovlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan tegishli ijro harakatlari olib borilgan. Jumladan, qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqi 2023 yil 12 oktyabrda qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha cheklangan.
2026 yil 1 sentyabr holatiga qarzdorning to‘lanmagan aliment qarzdorligi 12 million 820 ming so‘mni tashkil etgan.
Byuro davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida 2026 yil 20 sentyabr kuni qarzdordan 12 million 820 ming so‘m aliment qarzdorligi to‘liq undirilib, undiruvchiga to‘lab berildi.
Shuningdek, 2026 yil 28 sentyabr kuni qarzdorning qarindoshi tomonidan uning uch nafar farzandi kelajakdagi taʼminotini taʼminlash maqsadida 190 million so‘m aliment puli to‘lab berildi.
Natijada jami 202 million 820 ming so‘m mablag‘ undiruvchiga undirilib, farzandlarning moddiy taʼminoti bilan bog‘liq majburiyatlar ijrosi taʼminlandi.







