48,5 kg narkotik: Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib kirilayotgan yuk mashinasi ushlandi
Bojxona postida yuk mashinasi tekshirilganda, uning pol qismi ostidan 98 ta o‘ram yashirilgan narkotik modda topildi.

Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib kirilayotgan 48,5 kg narkotik modda “Ayritom” chegara bojxona postida to‘xtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va Bojxona qo‘mitasi harbiy xizmatchilari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi o‘tkazilgan tadbir davomida Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan “Mercedes-Benz” rusumli yuk avtomashinasi chuqurlashtirilgan tarzda tekshirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Termiz tumanida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtomashina tirkamasining pol qismi ostiga jami 98 ta o‘ram yashirilgan.
Tekshiruvda ushbu o‘ramlardan 39 kg 86 gr “gashish” hamda 9 kg 498 gr “opiy” moddasi topilgan. Shu tariqa jami 48 kg 584 gr narkotik moddaning O‘zbekiston hududiga olib kirilishining oldi olingan.
Ta’kidlanishicha, narkotik moddalarni yashirish uchun ular dastlab polietilen paketlarga solingan, so‘ng folga qog‘ozi va skotch bilan o‘ralgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov doirasida narkotik moddalarni olib kirishni tashkil qilgan shaxslar va ularning buyurtmachilarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.








