“Bu sinov edi”: Irkutskda o‘lat xavfi bo‘yicha tekshiruv yakunlandi
Rasmiylar o‘lat tarqalgani haqidagi xavotirlarni tasdiqlovchi holatlar aniqlanmaganini bildirdi.

Rossiyaning Irkutsk viloyatida o‘latga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimasi Darya Shipilovaning o‘limidan keyin boshlangan profilaktik tadbirlar yakunlandi. Viloyat gubernatori Igor Kobzevning maʼlum qilishicha, 28 yoshli ayol shifoxonadan tashqarida orttirilgan pnevmoniyadan vafot etgan. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Kobzevning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar institut faoliyatini tekshirgan va patogen mikroorganizmlar bilan ishlashda favqulodda holatlar aniqlanmagan. Marhuma bilan aloqada bo‘lgan barcha shaxslar tibbiy kuzatuvdan o‘tkazilgan, ularda kasallik belgilari qayd etilmagan.
Gubernator Irkutsk va Shelexov shaharlaridagi sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror ekanini taʼkidlagan. Uning fikricha, yuzaga kelgan vaziyat mutaxassislar uchun sinov bo‘lgan, biroq ular vaziyatni munosib tarzda boshqargan.
Rossiyaning isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligi sohasini nazorat qiluvchi Rospotrebnadzor idorasi ham viloyatda aholi salomatligiga tahdid aniqlanmaganini bildirgan.
Darya Shipilova 2-oktyabrga o‘tar kechasi Irkutsk yaqinidagi Shelexov shahrida vafot etgan. Shundan so‘ng u bilan aloqada bo‘lgan qariyb 200 kishi karantinga olingan. Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ayol o‘lat, jumladan, o‘pka o‘lati bilan kasallangani haqida taxminlar tarqalgan.
Biroq Rospotrebnadzor dastlab uning o‘limi sababini nomaʼlum etiologiyali pnevmoniya deb ko‘rsatgan. Keyinchalik viloyat gubernatori ayol shifoxonadan tashqarida orttirilgan pnevmoniyadan vafot etganini maʼlum qilgan.







