MDHga raislik: O‘zbekiston MDHga raislikda ustuvor yo‘nalishlarni belgiladi
Raislik konsepsiyasi doirasida 100 dan ortiq chora-tadbir ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev MDH davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisida O‘zbekistonning 2027-yilda Hamdo‘stlikka raisligi davrida e’tibor qaratiladigan asosiy yo‘nalishlarni bayon qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Hamdo‘stlikka raislik qilish umumiy ishga hissa qo‘shish, yangi g‘oyalarni taklif etish va muhim yo‘nalishlarni birgalikda rivojlantirish imkoniyatidir.
O‘zbekiston kelgusi yilda iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda. Raislik konsepsiyasi va Tadbirlar rejasi ustidagi ishlar yakunlanmoqda. Hozirning o‘zidayoq ularda yuzdan ortiq aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev Hamdo‘stlik doirasidagi siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, masalalarni muhokama qilish, tomonlarni o‘zaro tinglash va barchaga maqbul yechimlarni izlash imkoniyatini saqlab qolish zarur.
Iqtisodiyotda sanoat kooperatsiyasiga alohida e’tibor qaratish taklif etildi. Salohiyatlarni birlashtirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish va barqaror yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish barcha ishtirokchilar uchun sezilarli natijalar berishi ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi savdoga to‘sqinlik qilayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, biznesda raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish va elektron tijoratni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbari muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalari sohalarida birgalikda ishlash zarurligini ham ta’kidladi. Bu yo‘nalishlar yaqin yillarda mamlakatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ko‘zda tutilgan.
Transport sohasida tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish, qulay, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan manfaatli yo‘nalishlarni yaratish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo transport tarmog‘i MDH makonidagi va undan tashqaridagi umumiy aloqalar tizimining muhim qismiga aylanishidan manfaatdor.
O‘zbekiston raisligi davrida xavfsizlik va barqarorlik ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. Bu borada MDHning sohaviy organlari faoliyatini hamda mamlakatlarning umumiy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish doimiy e’tibor va mamlakatlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni talab etishi ta’kidlandi.
Majlisda mamlakatlarning inson va intellektual salohiyatini rivojlantirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, innovatsiyalar va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladigan sharoitlarni shakllantirish zarurligi qayd etildi.
“Raislik davridan samaradorligini isbotlagan barcha yutuqlarni saqlab qolish va shu bilan birga, bugungi kunda yangi yechimlar topish zarur bo‘layotgan yo‘nalishlar rivojiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlash uchun foydalanish niyatidamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.








