Metro panduslari nega ishlamayapti? Metropoliten izoh berdi
Elektron ko‘targichlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga murojaatlar yuborilgan.

Toshkent metropoliteni bekatlarining kirish-chiqish qismlarida o‘rnatilayotgan elektron ko‘targich panduslar faoliyatidagi kamchiliklar va ulardan foydalanishda yuzaga kelayotgan noqulayliklar yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda yo‘lovchilar soni ortib borayotgani sababli, xususan, harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar va keksa yoshdagi fuqarolar uchun qulay hamda xavfsiz muhit yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, metro bekatlarida zamonaviy elektron ko‘targich panduslar o‘rnatilmoqda.
Loyiha Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj ishlarini esa “Texnopark” MCHJ olib bormoqda.
Ayni paytda panduslarni o‘rnatish, sozlash va sinovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Shu sababli ayrim qurilmalar hali to‘liq ishga tushirilmagan. Metropoliten yuzaga kelayotgan noqulayliklarni qurilish-montaj va sozlash ishlari yakunlanmagani bilan izohlagan.
Qayd etilishicha, “Toshkent metropoliteni” AJ mas’ul tashkilotlarga ishlarni jadallashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va qurilmalarni foydalanishga tayyorlash bo‘yicha bir necha bor rasmiy murojaat yuborgan.
Shuningdek, elektron panduslar hozircha metropoliten balansiga qabul qilinmagan. Barcha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, zarur sinovlar o‘tkazilgach va qurilmalarning texnik talablarga muvofiqligi tasdiqlangach, ular belgilangan tartibda metropoliten tasarrufiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va qurilmalardan to‘g‘ri foydalanish uchun har bir elektron pandus yonida foydalanish tartibi bo‘yicha yo‘riqnomalar hamda tegishli ma'lumotlar joylashtirilmoqda.
Metropoliten yo‘lovchilar, jumladan, harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratish ishlari davom ettirilishini bildirgan.








