Soxta qatnov, qimmat chipta va aldangan yo‘lovchilar: Transport vazirligi ogohlantirdi
Firibgarlar kassalarda chipta qolmaganini aytib, yo‘lovchilarga ularni bir necha barobar qimmat narxda taklif qilmoqda.

O‘zbekiston Transport vazirligi Rossiyadan avtobus orqali O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lgan fuqarolarni firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda YouTube kanallarida «Uzautotrans Service» kompaniyasi avtobuslarining foto va videolaridan foydalanib, soxta qatnov e’lonlarini joylashtirish holatlari kuzatilmoqda.
Firibgarlar yo‘lovchilarga ularni kompaniyaning avtobuslari orqali Toshkentga jo‘natishlarini aytib, tegishli reyslar uchun kassalarda chipta qolmaganini vaj qilishadi. Shundan so‘ng chiptalarni bevosita o‘zlaridan bir necha barobar qimmat narxda sotib olishni taklif etishadi. Ayrim yo‘lovchilar esa chipta xarid qilganidan keyin noqonuniy faoliyat yurituvchi avtobuslarga chiqarib yuborilmoqda.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, «Uzautotrans Service» kompaniyasi Moskva shahridagi «Novoyasenevskaya» va «Kotelniki» avtostansiyalaridan Toshkent avtovokzaliga haftaning dushanba va payshanba kunlari avtobus qatnovlarini amalga oshiradi.
Chiptalarni mazkur avtostansiyalarning kassalaridan, shuningdek, ularga tegishli mobil ilovalar va rasmiy saytlar orqali onlayn xarid qilish mumkin.
Chipta narxlari:
- doimiy qatnovlarda — 8 500 rubl;
- shu kunning o‘zida tashkil etiladigan qo‘shimcha reyslarda — 7 000 rubl.
Vazirlik fuqarolarni firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslikka chaqirdi.








