Ehtiyojmand oilalarga yordam: 1 mln so‘mdan ajratish taklif qilindi
Loyiha doirasida elektr va gaz xarajatlari uchun kompensatsiya mezonlarini kengaytirish, ayrim hududlarda elektr energiyasi iste’mol me’yorini oshirish ham nazarda tutilgan.

2026-yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 mln so‘mdan moddiy yordam ajratish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya olish mezonlarini kengaytirish, ayrim hududlarda elektr energiyasining bazaviy iste’mol me’yorini oshirish taklif etilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.
Loyihaga ko‘ra, yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardan tashqari, jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan va “mahalla yettiligi” xulosasi asosida aniqlangan oilalarga ham beriladi. Markazlashgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun daromad mezoni viloyatlarda minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravari, Toshkent shahrida esa uch baravari etib belgilanadi.
Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestridagi fuqarolar, shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalar ham moddiy yordam olishi mumkin.
Mablag‘larni 2026-yil 30-noyabrga qadar ijtimoiy yoki bank kartalariga o‘tkazish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya olishda daromad mezonini minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 baravaridan ikki baravarigacha oshirish taklif qilinmoqda. Ko‘mir xaridi va “Sahovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali yordam olish mezoni ham bir baravardan ikki baravargacha kengaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiyalar to‘lash muddati 2028-yil 1-aprelgacha, ko‘mir uchun yordam muddati esa 2029-yil 1-yanvargacha uzaytirilishi rejalashtirilgan.
Energiya samaradorligi milliy agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi “og‘ir” toifadagi mahallalarda yashovchi “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga mansub 3 mingta xonadonning energiya samaradorligini oshirish ishlarini davom ettirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi. Taklifga ko‘ra, ushbu oilalar uylarining devor va tomlari izolyatsiya qilinadi, energiya tejamkor deraza va eshiklar, shuningdek, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatiladi. Bu orqali xonadonlarning energiya xarajatlarini kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ulushini oshirish ko‘zda tutilgan.
Gazlashtirilmagan va tabiiy gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan hududlarda esa isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy iste’mol me’yorini oyiga 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshirish taklif etilgan. Bu tartib 2026-yil 1-noyabrdan kuchga kirishi rejalashtirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining boshqa bir qaror loyihasida 2026-yil 1-noyabrdan markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari uchun yangi tariflarni joriy etish taklif qilingan. Isitish tariflarini 2030-yilgacha bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining yana bir qaror loyihasi aholiga sotiladigan suyultirilgan gaz narxini bir kilogramm uchun 5 ming so‘m etib belgilashni nazarda tutadi. Narx bilan bog‘liq farq va yetkazib berish xarajatlari davlat budjeti hisobidan subsidiyalanishi taklif etilmoqda. Ehtiyojmand oilalarga esa 2030-yil 1-yanvargacha suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘mdan, oyiga ko‘pi bilan 20 kilogramm uchun kompensatsiya to‘lash rejalashtirilgan.








