“Omborchi” va “kimyogar” qo‘lga tushdi: Buxoroda narkolaboratoriya fosh etildi
Ikki fuqaro narkolaboratoriya tashkil qilib, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida faoliyat yuritgan narkolaboratoriyani fosh etdi.
Aniqlanishicha, Jondor tumanida yashovchi 27 va 29 yoshli ikki fuqaro viloyat markazidagi ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda narkolaboratoriya tashkil qilgan. Ular internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda “omborchi” va “kimyogar” vazifalarida ishlab, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan.
Xonadonni ko‘zdan kechirish davomida umumiy og‘irligi 6 kg 650 gramm bo‘lgan “spays” sintetik narkotik moddasi, SIM-kartalar, respiratorlar, qo‘lqoplar, zip-paketlar, elektron tarozi hamda ko‘p miqdordagi tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, Kogon tumanidagi yashirin joylarga kichik bo‘laklarda berkitilgan yana 4 kg 200 gramm “spays” moddasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 273 va 276¹-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.








