Tug‘ilgan kundan qolgan ovqat fojiasi: Xorazmda ona va uch farzandi vafot etdi
Ularda tug‘ilgan kun marosimidan qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilganidan so‘ng zaharlanish alomatlari kuzatilgan.

Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida 2026-yilning 9–10-oktyabr kunlari bir oilaning to‘rt nafar a’zosi — ona va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi ovqatdan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Zamon.uz'ga ma'lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular 8-oktyabr kuni avvalgi kundagi tug‘ilgan kun marosimidan qolgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilgan. Shundan so‘ng ularda zaharlanish alomatlari kuzatilgan.
O‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tekshiruvga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari jalb qilingan.
Mazkur holatda iste’molchilar hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlar bilan bog‘liq jinoyat alomatlari mavjudligi sababli 2026-yil 10-oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 276-11-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.








