64 ming USDTlik litsenziyasiz kripto-savdo: talaba ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
U kripto-savdo bilan birga Telegram orqali 140 ta xorijiy virtual telefon raqamini sotgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan shaxsni aniqladi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumanida yashovchi, 2008-yilda tug‘ilgan fuqaro 2025-yil dekabridan 2026-yil oktabrigacha “Bitget” kripto-birjasi platformasida litsenziyasiz faoliyat yuritgan. U turli tranzaksiyalar orqali jami 64 715 USDT miqdoridagi kripto-aktivlar oldi-sotdisini amalga oshirgan.
Shuningdek, mazkur shaxs “Telegram” messenjeri orqali xorijiy davlatlarning 140 ta virtual telefon raqamini sotish bilan ham shug‘ullangani aniqlangan. Uning kripto-hamyonida 450 USDT mavjudligi ham qayd etilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








