O'zbekiston

Prokuraturaga 299 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi: qariyb 56 ming fuqaroning huquqi tiklandi

Prokuraturaga eng ko‘p murojaatlar tergov va surishtiruv, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hamda sud hujjatlari ijrosi yuzasidan kelib tushgan.

Prokuraturaga 299 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi: qariyb 56 ming fuqaroning huquqi tiklandi

 

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida prokuratura organlari tomonidan 55 898 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Hisobot davrida fuqarolar va tashkilotlardan jami 299 649 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda Bosh prokuratura Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Murodiljon Mo‘minov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

 

Kelib tushgan murojaatlarning 178 493 tasi yoki 59,5 foizi bevosita prokuratura organlarida ko‘rib chiqilgan. Shulardan 50 087 tasi qanoatlantirilgan, 126 058 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan.

 

Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan 142 884 ta murojaatning 119 690 tasi prokuratura organlarida ko‘rib chiqilgan. Ularning 30 326 tasi qanoatlantirilgan, 84 652 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan.

 

Hisobot davrida prokuratura xodimlari jami 220 240 nafar fuqaroni qabul qilgan. Shundan 60 371 nafari sayyor va ommaviy qabullarda qabul qilingan. Bosh prokuror va uning o‘rinbosarlari esa 182 nafar fuqaro hamda yuridik shaxslar vakillari bilan uchrashgan.

 

Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan 5 038 ta mahallada sayyor qabullar o‘tkazilgan. Ularda kelib tushgan murojaatlarning 13 548 tasi yoki 48,1 foizi joyida ijobiy hal etilgan.

 

Prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi quyidagi masalalarga taalluqli bo‘lgan:

  • ichki ishlar organlaridagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov masalalari — 45 313 ta;

  • ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, jumladan, moddiy yordam, nafaqa, bola puli, tibbiy xizmat va bank kreditlari — 39 042 ta;

  • sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosi, jumladan, aliment undirish hamda Majburiy ijro byurosi xodimlarining harakatlari — 21 257 ta.

 

Ayrim yo‘nalishlarda murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshgan. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorlariga oid murojaatlar 2 199 taga, jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga doir murojaatlar esa 1 144 taga ko‘paygan.

 

To‘qqiz oy davomida jami 3 636 ta takroriy murojaat kelib tushgan. Ularning ko‘pi sud hujjatlari ijrosi va aliment undirish, ichki ishlar organlaridagi tergov jarayonlari hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga tegishli bo‘lgan.

 

Prokuratura organlari o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida qonunbuzilish holatlari yuzasidan jami 1 508 ta prokuror nazorati hujjati qo‘llanilgan. Jumladan, tegishli tashkilotlarga 116 ta taqdimnoma kiritilgan, noqonuniy hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha 434 ta protest bildirilgan.

 

Shuningdek, 321 nafar shaxs intizomiy, ma’muriy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan, 222 nafar mansabdor shaxs qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirilgan.

 

Yetkazilgan zararni undirish maqsadida sudlarga jami 25,6 milliard so‘mlik 177 ta da’vo arizasi kiritilgan. Bundan tashqari, 7,9 milliard so‘m miqdoridagi zarar ixtiyoriy ravishda undirilishi ta’minlangan.