Yuk mashinasidagi yashirin yuk: O‘zbekistonga 20 kg dan ortiq olib kirilgan opiy fosh etildi
Narkotik modda yuk mashinasining maxfiy joyiga va ikkita akkumulyator ichiga yashirilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi narkotik modda kontrabandasiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan birining 1971-yilda tug‘ilgan fuqarosi shaxsi hozirda aniqlashtirilayotgan qo‘shni davlat fuqarosi bilan til biriktirib, o‘zi boshqaruvidagi “Renault” rusumli yuk avtomashinasida giyohvandlik vositasini xorijdan O‘zbekistonga olib kirgan.
Viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida xorijlik fuqaro vaqtincha yashab turgan Ishtixon tumanidagi uy ko‘zdan kechirilgan. Natijada sof og‘irligi 20 kg 239 gramm bo‘lgan ekstraksiyalangan opiy aniqlanib, protsessual tartibda olib qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, narkotik modda yuk avtomashinasining maxfiy joyiga hamda ikkita akkumulyator ichiga yashirilgan holda olib kelingan.
Hozirda xorijlik fuqaro va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari doirasida mazkur holatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.








