OTMga imtihonsiz qabul: Prezident Olimpiadasi g‘oliblari uchun yangi imtiyoz belgilanmoqda
Kelasi yildan sovrindorlarning pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi.

Prezident Olimpiadasida g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston rekordini yangilagan maktab bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalarining sport yo‘nalishlariga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgi Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida ma’lum qildi.
Shuningdek, kelasi yildan boshlab olimpiada g‘olib va sovrindorlarining pul mukofotlari 2,5 baravar oshiriladi. Birinchi o‘rin sohiblariga 25 million, ikkinchi o‘rin uchun 12 million, uchinchi o‘rin uchun esa 6 million so‘m beriladi.
Olimpiada dasturidagi sport turlari soni 35 taga yetkaziladi. Musobaqalarda qatnashuvchi yosh toifasi ham kengaytirilib, 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etishi belgilangan.
Bundan tashqari, har yili olimpiada g‘oliblaridan 50 nafari xorijdagi xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga yuboriladi. Kelasi yildan g‘oliblarga bir yillik stipendiya berish ham yo‘lga qo‘yiladi. O‘z yo‘nalishida eng yaxshi natijaga erishgan sport maktabi zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, poytaxtdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyini Olimpiya shaharchasiga ko‘chirish rejalashtirilgan. Bu yosh sportchilarning mamlakat chempionlari tarixi va yutuqlari bilan yaqindan tanishishiga imkon beradi.
Prezident yosh sportchilarga murojaat qilib, chempionlikka erishishda kuchli iroda va temir intizom muhimligini ta’kidladi. Ularni o‘z ustida ishlashga, bilim va qat’iyat orqali yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.
“Musobaqa maydonida munosib raqib, hayotda esa yaxshi do‘st bo‘ling”, — dedi davlat rahbari.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev 2026-yilgi Prezident Olimpiadasini ochiq deb e’lon qildi.








