O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari uchrashuv o‘tkazdi
Ikki mamlakat yetakchilari keng qamrovli strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan butun turk xalqini qizg‘in muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tiladi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni izchil o‘sib bormoqda. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam ravishda qo‘shma tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Tomonlar biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish, Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish hamda yangi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdilar.
Yetakchilar bo‘lajak tadbirlar rejasi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.








