Litsenziyasiz Umra tashkil etish: Andijon va Farg‘onada noqonuniy holatlar fosh etildi
Fuqarolardan jami 6 500 dollar talab qilingan, holatlar yuzasidan tergov olib borilmoqda.

O‘zbekistonda “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun maxsus litsenziya talab etiladi. Biroq Andijon va Farg‘ona viloyatlarida fuqarolarni ziyoratga yuborishni va’da qilib, ulardan minglab dollar talab qilgan shaxslar aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikki holat qayd etildi.
Birinchi holatda, Andijon shahridagi sayyohlik firmasi ish yurituvchisi firma tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, Baliqchi tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan fuqaroning ishonchiga kirgan. U fuqaroning to‘rt nafar qarindoshini Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratiga yuborish uchun 4 400 AQSH dollari talab qilgan. Ish yurituvchi pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ikkinchi holat Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. Toshloq tumanida yashovchi, 2007-yilda tug‘ilgan shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi ikki fuqaroni Namangan viloyatidagi sayyohlik firmasi orqali Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, 2 100 AQSH dollari talab qilgan. U oldindan 1 000 dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-oktabrdagi 668-son qaroriga muvofiq, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati maxsus litsenziya asosida amalga oshiriladi.








